O‘zbekiston | 19:05 / 07.02.2020
26755
5 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar noqonuniy yer ajratgani uchun nega javobgarlikka tortilmagan?

Bosh prokuratura vakili bergan izohga ko‘ra, prokurorlar hokimlar qarorlari ustidan juda ko‘p protest keltirganiga qaramay, javobgarlikka tortish mexanizmlari bo‘lmagan.

Yerdan noqonuniy foydalanilishi holatlari tahlilidan ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda birorta ham hokim bunday qonunbuzarlik uchun javobgarlikka tortilmagan.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodilla Abdulhakimov buni ayni yo‘nalishda hokimlarni javobgarlikka tortish mexanizmi bo‘lmagani bilan izohladi.

Kun.uz muxbirining: «Oxirgi yillarda yerdan noqonuniy foydalanishga oid qonunbuzarliklar tahliliga yuzlansak, birorta ham hokimning javobgarlikka tortilmagani, faqat quyi bo‘g‘indagi mayda amaldorlar jazoga tortilayotgani ma'lum bo‘ladi. Aslida yer uchun hokim bevosita javobgar emasmi?» degan savoliga Bosh prokuratura vakili quyidagicha javob berdi.

«Juda yaxshi masalani ko‘tardingiz. Haqiqatan ham bu [so‘nggi yillarda hokimlarning yer ajratish bo‘yicha javobgarlikka tortilishi hollari] bo‘lmagan. 2019 yil 4 iyundan Jinoyat kodeksiga yangi modda qo‘shilib, yer berish tartibini buzganligi uchun javobgarlik chorasi kiritildi. Buning ichida sug‘oriladigan yerni noqonuniy bersa, jazo og‘irroq bo‘lishi ham bor. Qonunchiligimizda bu narsa yo‘q edi, yangi kiritildi.

Bundan tashqari, muhtaram yurtboshimizning 2019 yil 17 iyundagi farmoniga asosan, hokimliklarning sug‘oriladigan yerlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish vakolati cheklab qo‘yildi.

Gapingizda jon borligining sababini aytaman: biz tahlilda juda ko‘p ko‘rganmiz, chunki prokuratura tomonidan hokim qarori noqonuniy qabul qilingani bo‘yicha juda ham ko‘p protest keltirilardi.

Nima uchun yer ajratayotgan mansabdor shaxslarga javobgarlik bo‘lmasligi kerak? Javobgarlik belgilanishi aynan Bosh prokuraturaning qonunchilik tashabbusi bilan bo‘ldi. O‘tgan yilning 4 iyunidan boshlab, agar shu holat aniqlanadigan bo‘lsa, mansabdorlar javobgarlikka tortiladi», – dedi Abdulhakimov 7 fevral kuni matbuot anjumanida.

Yerlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik masalalari va bu boradagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar mavzusida Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda Bosh prokuratura va «Davergeodezkadastr» mutaxassislari qatnashdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Prezidentning 2019 yil 13 avgustdagi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan farmoniga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning quyidagi vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga beriladi:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish.

Mahalliy hokimiyat va boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Konstitutsiyaning xususiy mulk daxlsizligi normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat'iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga joylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqi berildi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabr kuni qabul qilingan 911-sonli qaroriga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning yer uchastkalarini ajratib berish to‘g‘risida avval qabul qilingan qarorini bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar yoki boshqa davlat organi tomonidan ma'muriy tartib-taomillarga rioya etilmaganligi sababli bekor qilish yoki unga o‘zgartirish kiritish yo‘li bilan yer uchastkalarini olib qo‘yish taqiqlanadi.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodilla Abdulhakimov qishloqlarda 17 mln aholi yashayotani va yer ularning asosiy daromad manbayi ekaniga e'tibor qaratdi.

«O‘zbekistondagi mavjud 44 mln. gektardan ortiq yer maydonlarining faqat 9 foizigina sug‘oriladigan ekin yerlardir va bu maydon kundan-kunga qisqarib boryapti. 1990 yildan keyingi ma'lumotlarni tahlil qilsak, turli omillar sabab ekin yerlari 157 ming gektarga qisqarib ketgan.

17 mln aholimiz qishloq joylarda istiqomat qiladi va ularning asosiy daromad manbayi shu yerlardir.

Yana bir ma'lumotga e'tibor berishingizni so‘rayman: oxirgi 15 yil ichida jon boshiga yer maydoni 23 sotixdan 16 sotixga tushib qolgan, yoki 24 foizga qisqargan. Bu salbiy holat o‘z-o‘zidan oziq-ovqat xavfsizligiga yomon ta'sir o‘tkazadi», – dedi u.

Mavzuga oid