Sport | 17:57 / 10.02.2020
20689
3 daqiqa o‘qiladi

OChL. «Paxtakor» 1-turda BAA chempionati yetakchisini mag‘lub etdi

Osiyo Chempionlar Ligasida guruh bosqichi o‘yinlari boshlandi. «V» guruhida qatnashayotgan «Paxtakor» 1-turni o‘z maydonida BAAning «Shabob Al Ahli» jamoasiga qarshi o‘tkazib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / Tribuna.uz

O‘yinning 8-daqiqasida Jaloliddin Masharipov darvoza yaqinida ajoyib texnika ko‘rsatdi va raqibning ikki futbolchisini aldab xavfli vaziyat sodir etdi, ammo darvoza yaqinida «Paxtakor»chilardan hech kim topilmadi. Ko‘p o‘tmay Dragan Cheran jarima zarbasidan xavfli zarba yo‘lladi, lekin urinish noaniq bo‘ldi.

18-daqiqaga kelib o‘yinda hisob ochildi. Jaloliddin Masharipov maydon markazida to‘pni qabul qilib olib darvozaga yaqinlashdi. Darvozabonning oldinga chiqib ketganini sezgan Masharipov to‘pni uning ustidan tashlab qo‘ydi va super golga mualliflik qildi.

Ikkinchi bo‘lim ancha sust boshlandi, lekin 67-daqiqaga kelib temp yana oshdi. Aynan shu daqiqada «Shabob Al Ahli» futbolchisi Pedro Konde darvozabonning xatosidan so‘ng hisobni tenglashtirdi. Ammo goldan ikki daqiqa o‘tib «Paxtakor» yana oldinga chiqib oldi. O‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni Dragan Cheran aniq zarbasi bilan uzoq burchakka joylab qo‘ydi.

Shu tariqa BAA chempionati yetakchisini mag‘lub etgan «Paxtakor» OChL «V» guruhida yetakchilikni qo‘lga oldi. Guruhning qolgan ikki jamoasi «Al Hilol» va «Shahri Xudrav» Toshkent vaqti bilan 19:40 da Saudiyada o‘zaro bahs olib boradi.

OChL-2020
«V» guruhi, 1-tur
«PAXTAKOR» — «ShABOB AL AHLI» (BAA) 2:1

Gollar: Jaloliddin Masharipov (18), Dragan Cheran (70) — Pedro Konde (68).
«Paxtakor»: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Sherzod A'zamov (Anzur Ismoilov), Yegor Krimets, Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Sardor Sobirxo‘jayev, Doston Hamdamov, Dragan Cheran, Jaloliddin Masharipov, Igor Sergeyev (Eren Derdiyo‘q, 73).
«Shabob Al Ahli»: Majid Nosir, Muhammad Marzuq, Abdulaziz Haykal, Muhammad Sebil, Yusuf Jobir, Aziz G‘aniyev, Ismoil Al Hammadi, Abdulla Naqbi, Majid Hassan, Federiko Kartabiya, Pedro Konde.

Mavzuga oid