Jamiyat | 13:32 / 12.02.2020
23210
8 daqiqa o‘qiladi

«Snos» haqida «sensatsion mavzu» - Murojaatchi hamisha haqmi?

Mubolag‘asiz aytamiz: quyida keltiriladigan muammo deyarli barcha viloyat va tumanlarda ildiz otib ulgurgan. Ayrim joylarda hamon shiddat bilan kengayib boryapti. Agar buni bugun bartaraf etmasak, hademay hatto oziq-ovqat mahsulotlarini ham chetdan olib kelishga to‘g‘ri keladi.

Bu muammoning oqibatlari faqat oziq-ovqat bilan bog‘liq emas, ko‘lami o‘ylaganimizdan ham keng va xatarli. Gap — minglab gektar unumdor, suvli yerlarning noqonuniy sotib yuborilishi va o‘zboshimchalik bilan egallab, bino qurilishi haqda ketyapti.

Tahririyatga 25 yoshlardagi yigit kirib keldi: «Aka, sizlar uchun «dahshatli» bitta mavzu bor. Bugun kechda mahallamizdan 20 kishi katta trassaga chiqadi. Hokimiyatdan norozi. Borib tasvirga olasizmi? Yutubga qo‘ysangiz ko‘rasiz sensatsiyani...»

Sensatsiya ortidan quvmasligimizga yigitni ishontirib bo‘lmadi. Ammo odatimizga muvofiq, surishtirib ko‘rdik. Bir vaqtlar fermer bir necha kishiga sug‘oriladigan yerni imorat uchun sotib yuborgan, hujjatsiz, asossiz... Endi fermer ham, uy qurgan fuqarolar ham bu qurilmalarni hujjatlashtirish uchun sarson.

To‘g‘ri, so‘nggi yillarda qachon, kim uyi buzilayotgani yuzasidan murojaat qilsa yetib bordik, yoritdik, jamoatchilik e'tiborini ko‘chada qolib ketishi mumkin bo‘lgan odamlar taqdiriga qaratishga harakat qildik.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Modomiki hujjatsiz, fermerning ekin maydoniga uy qurilar ekan, vaqti kelib uning buzilmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Hatto «sensatsion shou»lar ham.

To‘g‘ri tushuning, aldanmang! Agar bu an'ana davom etaversa, ertaga yerlarimiz o‘z xalqimizni oziq-ovqat bilan ta'minlashga ham yetmay qoladi.

Ikki yil oldin hovlisini o‘zboshimchalik bilan kengaytirib olgan bir fuqaro, qo‘shib olingan 3 sotix yerni rasmiylashtirib bermagan mutasaddilar oldida o‘ziga o‘t qo‘yganini eslaymiz. O‘shanda «O‘zbekistonda uyi buzilishiga chiday olmagan fuqaro o‘zini yoqib yubordi» mavzusi qator saytlarda rosa «aylandi». Mutasaddilarning javobgar bo‘lib ketishiga oz qolgandi.

Bugun muammo qanaqa oqibatlar olib kelishi mumkinligi davlatga ayon: ikki enli noqonuniy yerni davlatga qaytarish uchun mutasaddilar tish-tirnog‘i bilan kurashmoqda. Boshqacha aytganda, hokimlikning oldin yo‘l qo‘ygan xatosi hozir aynan yana hokimlik oldidagi eng katta muammo bo‘lib turibdi.

Xuddi shu mavzuda yaqinda saytimizda ham «Hokimlar noqonuniy yer ajratgani uchun nega javobgarlikka tortilmagan?» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Ta'kidlanganidek, «O‘zbekistondagi mavjud 44 mln. gektardan ortiq yer maydonlarining faqat 9 foizigina sug‘oriladigan ekin yerlardir va bu maydon kundan-kunga qisqarib boryapti. 15 yil oldin kishi boshiga 23 sotix sug‘oriladigan yer to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir bu miqdor 16 sotixga tushib qolgan. Vaholanki, aynan 15 yil oldin, aniqrog‘i, 2006 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yeridan uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratish Vazirlar Mahkamasi qarori bilan to‘xtatilgandi.

Endi tasavvur qiling, e'tiborsiz qolaversak, yana 15 yildan so‘ng ekin maydoni yana ikki baravar kamayadi va biz oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid bilan yuzlashamiz.

Birgina Samarqand viloyatidagi holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda viloyatda 436 gektar sug‘oriladigan maydonda uy-joy qurib olingan. Viloyat prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, yer maydonlarini bo‘shatish va noqonuniy qurilishlarni buzdirish to‘g‘risida sudlarga 1549ta da'vo arizalari kiritilgan.

Aslida, musichaning uyini buzish ham bir fojia. Kimlarningdir aybi, mas'uliyatni his etmasligi ortidan ko‘plab odamlar zarar ko‘radi. Ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin boshqa chora ham yo‘q. Qat'iyat ko‘rsatishning ham, yer sotganlarni jazolashning ham vaqti allaqachon kelgan.

Ba'zi hududlarda noqonuniy yerni ajratib bermagan mutasaddilarga qarata «men ham o‘zimni yoqishim kerakmi?» qabilidagi tahdidlar ham uchrab turgani bor gap. Ammo o‘sha gap, qat'iyat ko‘rsatish vaqti keldi.

Masalaning boshqa tomonlari ham bor.

Yaqindagina bir qishloqda to‘planib qolgan muammolar yuzasidan murojaat qilishdi. Rostdan ham, qishloqda havas qiladigan hech narsa yo‘q. Na yo‘l, na biror ijtimoiy ahamiyatga ega bino...

Mutasaddilar bu qishloqning qanday paydo bo‘lganini so‘zlab berishdi. Ma'lum bo‘lishicha, olis, e'tibordan ancha chekka hudud bo‘lgani uchun yillar davomida ko‘pchilik oilalar bu joylarga ko‘chib kelib uy qurib olavergan. Kimdir ekin maydonlariga, yana kimdir kanal yoqasidagi muhofaza maydoniga. Hech qanday hujjatsiz. Keyin esa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari deysizmi, boshqa sharoitlar deysizmi, talab qilish boshlangan: «Davlat – davlatligini qilsin!» qabilida.

Shunday oilalar 2018 yil «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyani o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolangach uyga hujjatli bo‘lib qolishdi. Adliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga «amnistiya» e'lon qilinishi ortidan 589 991 nafar fuqaroga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga mulk huquqi berilgan.  

  • «Snos» deganda fuqarolar va yuridik shaxslarga faqatgina qonuniy tartibda tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi olib qo‘yilishi va unga yarasha kompensatsiya berilishi tushuniladi.
  • O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar uchun kompensatsiya to‘lanmaydi. Ya'ni yer egallab olingan hech bir holatda kompensatsiya to‘lanmaydi.

Ana o‘sha oilalar uchun baribir muammoni yoritdik, tegishli idoralar ayrim muammolarni hal etishini ma'lum qildi. Aytmoqchi bo‘lganimiz, qonunga bepisandlik, o‘zboshimchalik davlatga ham, xalqqa ham bora-bora juda qimmatga tushadi.

Oldinroq, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan Shut qishlog‘i uchun yo‘l yo‘qligi yuzasidan murojaat bo‘lgandi. Mazkur holat ayrim ommaviy axbrot vositalarida tanqid ham qilingan ekan. Qiziqib ko‘rsak, u yerda ham shu ahvol. Chorva boqish uchun yillar davomida yozni shu tog‘da o‘tkazgan aholi asta-sekin uy qurib shu yerda qolib ketgan. Ana endi davlatdan yo‘l talab qilinmoqda. Yana O‘zbekistonning eng baland joyi – Langar tog‘idan. Bu yerdan yo‘l qurishdan ko‘ra ikkita qishloq qurib berish osonroq. Ammo endi bu yerda oilalar 30dan oshgan. Ularga ham qiyin. Bong urish esa oson: «Davlat – davlatligini qilsin, yo‘lni qurib bersin!»

So‘ngso‘z o‘rnida yana bir bor aytmoqchimiz. Qonunga bepisandlik shu tarzda davom etaversa, bu oxir-oqibat barchamiz uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Xulosa qilish har kimning o‘zidan.

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid