Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qora loydan qutula olmayotgan Qiziloy: aholi muammolarini kim hal qiladi?
Kun.uz tahririyatiga navbatdagi murojaat Surxondaryo viloyati Uzun tumanining Qiziloy mahallasidan kelib tushdi. «Obizarang» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Loyiq Sherali ko‘chasida istiqomat qilayotgan aholi yo‘l va suv muammosiga duchor bo‘lib turibdi.
Mahalla vakillaridan biri o‘zlarini qiynayotgan muammoni quyidagicha bayon etdi.
— Bu yerda aholi istiqomat qilayotganiga 30 yil bo‘ldi. Mutasaddilarga ming rahmat, mahallamizda elektr va gaz ta'minotida muammo yo‘q.
Biroq, ko‘chalarimizning ahvoli abgor. Bolalar maktabga qatnashda qiynalmoqda. Ichimlik suvi yo‘qligidan xotin-xalaj 500-600 metr nariga, ko‘cha boshiga borib artezian quduqdan suv tashib kelmoqda. Ayniqsa, erta tongda va shom tushgandan keyin odamlar qiynalmoqda.

Svet-gazimiz bor, ming marta rahmat, lekin yo‘l va suv bizni qiynab kelmoqda, — deydi shu mahallada istiqomat qilayotgan oqsoqollardan biri Nuriddin Saidov.
Ha, mahalla ahli elektr uzatish liniyalari va simyog‘ochlar yangilanganidan, quvurlardan tabiiy gaz kelib turganidan xursand. Chunki mana shu oddiy sharoitlarga ega bo‘lmagan qishloqlar shu tumanning o‘zida ham o‘nlab topilsa kerak.

Lekin ular qishlog‘i farovon bo‘lishini, shahardan kam bo‘lmagan sharoitlarda yashashni ham istaydi: farzandlarining maktabga qatnashi uchun yo‘lning abgor holatidan norozi. Hech bo‘lmasa, yomg‘ir-qor yog‘ganda shalabboga aylanuvchi loy ko‘chalarga shag‘al yotqizilishini istashmoqda. Bu borada ular mutasaddi tashkilotlarning yordamiga muhtoj. Loy ko‘chalar qishloqliklarni yog‘in-sochinli fasllarda shoshirib qo‘ysa, suv muammosi yil bo‘yi qiynab kelmoqda.
Boz ustiga, aholi vakillariga ko‘ra, mahalla uchun ajratilgan yo‘lning bir qismini fermer ariq qazib egallab olgan. Ularning bu vajlariga ham mutasaddi tashkilotlar tomonidan aniqlik kiritish talab etiladi.

Xo‘sh, Qiziloyning ishga qatnaydigan aholisi, maktabga shu ko‘chadan boradigan farzandlari loydan xalos bo‘lishadimi? Bu borada mutasaddilar nima deydi? Qiziloyliklarni qiynayotgan masalalarni hal etishning imkoni bormikan?
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:39 / 02.11.2025
Surxondaryodagi ayiqlar makoni – Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i | Manzil
14:48 / 23.10.2025
«Darband» postida tirbandlik - rasmiy bayonot berildi
10:49 / 19.10.2025
Navoiyda favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 3 ming dollar pora bilan ushlandi
13:36 / 04.02.2023