O‘zbekiston | 14:36 / 19.02.2020
8545
6 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim, tibbiyot va Orol – TIKA ijrochi direktori O‘zbekistondagi kelgusi loyihalar haqida

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) O‘zbekistonga avval qanday do‘st bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham va kelgusida ham shunday ishonchli do‘st bo‘lib qoladi, deb ta'kidladi agentlik ijrochi direktori Sarkan Kayalar.

Sarkan Kayalar Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 19-20 fevral kunlari mazkur mamlakatga tashrifini amalga oshirmoqda.

Anqara shahrida Shavkat Mirziyoyev tashrifi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Ayni paytda Turkiyada bo‘lib turgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, 18 fevral kuni O‘zbekiston va Turkiya tomonlarining hukumat va biznes vakillari o‘rtasida bir necha uchrashuv va jurnalistlar uchun matbuot anjumanlari o‘tkazildi.

Jumladan, Anqarada Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ijrochi direktori Sarkan Kayalar hamda o‘zbekistonlik jurnalistlar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotning O‘zbekistondagi faoliyati va rejadagi loyihalar xususida so‘z bordi.

– Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi va uning ikki tomonlama munosabatlar rivojiga ta'siri haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

Avvalo, jurnalist do‘stlarimizga xush kelibsiz demoqchiman. Bu tashrifni tarixiy tashrif desak ham bo‘ladi va bundan juda mamnunmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda kutib olishimiz juda muhim voqea. Xabaringiz bor, bu yil birinchi strategik kengash ham bo‘lib o‘tadi. Bu tashrif ikki davlat munosabatlarida juda muhim voqea, tub burilish yasaydigan hodisa.

– O‘zbekiston hamda TIKA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida nima deya olasiz? Hamkorlik so‘nggi yillarda qay darajada rivojlanmoqda?

Turkiyaning hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi sifatida biz O‘zbekistonda 1993 yildan buyon faoliyat olib boramiz. Ta'lim, tibbiyot, malaka oshirish kabi bir necha yo‘nalishlarda maqsadli loyihalarni amalga oshirdik. Prezident Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston katta o‘zgarishlar va rivojlanishlar davrini boshladi. Milliy taraqqiyot strategiyasi bo‘ladimi yoki boshqa istiqbolli loyihalar bo‘ladimi, davlat rahbariyatini ko‘zlagan maqsadlar yo‘lida biz ham loyihalarimizni amalga oshirib kelyapmiz.

Albatta, avvalgi yillarga qaraganda, so‘nggi yillarda faoliyatlarimiz ko‘rsatkichlari ham o‘sib bormoqda. Masalan, 2018 yilda ikki davlat o‘rtasida tub burilish yasaydigan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar bizning loyihalarimizga ijobiy ta'sir qildi. Avvalgi yillarga taqqoslaganda, O‘zbekistonda katta miqdorda, diqqatga sazovor loyihalar yuritildi.

Xabaringiz bor, tez tibbiy yordam mashinalari ko‘magi bo‘ldi. Adliya vazirligi bilan hamkorlikdagi tadbirlarimiz bo‘lib o‘tdi. Yuzlab davlat xodimlarini kutib oldik, Turkiyadan ham delegatsiyalarimiz safar uyushtirishdi. Mirziyoyev belgilab bergan taraqqiyot yo‘lida biz ham o‘z hissamizni qo‘shdik.

Bundan keyingi yillarda loyihalarimiz yanada ko‘payishiga umid qilamiz.

Bugun O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuvda ham TIKA’ning istiqbolli loyihalarini maslahatlashib oldik. Bu esa o‘zbek qardoshlarimiz, do‘stlarimiz bilan birgalikda yanada samarali ishlashimizga imkon beradi, deb o‘ylayman. Kelgusida ta'lim, tibbiyot sohalari har doimgidek, hamkorligimizning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi, qolaversa, Orol dengizi ekologik inqirozining yaralariga malham bo‘lish ilinjida turkiyalik do‘stlar sifatida TIKA vositasi bilan ko‘maklashishga intilamiz. Albatta, O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan muhim ahamiyatga ega.

Bugungi uchrashuvlarimizda sayyohlar soni qanchalar ortgani bilan tanishdik, sevindik. Ikki davlat uchun ham ahamiyatga ega tarixiy merosni Turkiya nomidan restavratsiya qilishni istardik. Kelgusida Buxoro Arkidagi masjidni O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qayta ta'mirlashni boshlaymiz.

Davlat rahbarlarining bu uchrashuvi suhbat boshida aytganimdek, tub burilish yasaydigan uchrashuv bo‘lishiga ishonaman. Ikki rahbar ham juda samimiy va iliq munosabatdalar. Xalqlarimiz ham do‘st va qardosh xalqlar, bu munosabatlarimizda ham aks etadi. Janob Mirziyoyevning O‘zbekiston uchun qo‘ygan maqsadlari yo‘lida biz ham Turkiya sifatida, TIKA sifatida hissa qo‘shishimizga ishonchingiz komil bo‘lsin. Yana bir bor delegatsiya a'zolariga minnatdorchilik bildiraman.

– Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi O‘zbekistonda yana qanday yo‘nalishlardagi loyihalarni rejalashtirgan?

– 2018 yildan buyon juda ko‘p loyihalarni amalga oshirdik. Albatta, Mirziyoyevning yo‘l-yo‘rig‘i, ikki davlat munosabatlaridan kelib chiqqan holda ko‘p ish qilindi. Avval aytganimdek, salomatlik sohasidagi faoliyatimiz muhim ahamiyatga ega va bu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz. Ta'lim sohasidagi loyihalarimiz ham davom etadi.

Bundan tashqari, jamiyat boshqaruvi sohasida, ayniqsa, malaka oshirish yo‘nalishida Turkiya va O‘zbekiston orasida tajriba almashinuvini amalga oshirmoqchimiz. Shu bilan birga, Samarqand, Buxoro va yoxud boshqa bir joyda tarixiy obidalar restavratsiyasini tezlashtiramiz. Yana kasbiy ta'lim yo‘nalishida ham loyihalarimiz davom etib kelmoqda.

Bu faoliyatlarimizda O‘zbekiston tegishli tashkilotlari bilan doim hamkorlikda ish olib boramiz. Bugungi vazir o‘rinbosari bilan uchrashuvimizda kelgusi uch yilda olib boradigan loyihalarimiz bo‘yicha O‘zbekistondagi tegishli tashkilotni ham muhokama qildik. Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasi va tashabbuslari bilan faoliyatimizda davom etamiz. TIKA avval qanday do‘st bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham kelgusida ham shunday ishonchli do‘st sifatida faoliyat olib boradi.

Mavzuga oid