Jahon | 22:20 / 20.02.2020
5306
3 daqiqa o‘qiladi

Gruziya Rossiyani prezident saytiga kiberhujum sodir etishda aybladi 

Gruziya tashqi ishlar vazirligi Rossiyani 2019 yilda Gruziya prezidenti va OAVlari saytlariga sodir etilgan kiberhujumlarga aloqadorlikda aybladi. Rossiya bu ayblovlarni rad etmoqda.

Foto: Global Look Press/Oliver Berg

Gruziya tashqi ishlar vazirligi rossiyalik harbiylarni Gruziya milliy xavfsizligiga putur yetkazishga qaratilgan kiberhujumlarni rejalashtirish va amalga oshirishda aybladi. Ta'kidlanishicha, 2019 yil 28 oktyabrda amalga oshirilgan katta ko‘lamli kiberhujum oqibatida Gruziyaning bir qator rasmiy idoralari, sudlar, ommaviy axborot vositalari va kompaniyalari saytiga zarar yetgan.   

“Kiberhujum Gruziya milliy xavfsizligiga qaratilgan bo‘lgan va Gruziya fuqarolariga va hukumat tuzilmalariga zarar yetkazish, turli tashkilotlar ishini falajlab va izdan chiqarib, keng jamoatchilikda sarosima uyg‘otishni maqsad qilgan”, deyilgan Gruziya tashqi ishlar vazirligida.  

Ta'kidlanishicha, gruziyalik va bir qator xorijiy davlatlar mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tergov kiberhujum Rossiya qurolli kuchlarining bosh shtabi bosh boshqarmasi (Bosh razvedka boshqarmasi) tomonidan “rejalashtirilgani va o‘tkazilganini” tasdiqlagan.

Gruziya rahbariyati kiberhujumni mamlakat suverenitetiga tajovuz, uning demokratik rivojlanishi va yevroatlantik integratsiyasiga xalaqit qilishga urinish deb atagan va xalqaro hamjamiyatni ushbu hodisani qoralashga chaqirgan.

O‘z navbatida Rossiya tashqi ishlar vazirligida bu ayblovlar rad etilib, Rossiya Gruziyaning ichki ishlariga aralashmagani ta'kidlangan. 

2019 yil 28 oktyabrda Gruziya ichki ishlar vazirligi mamlakat prezidenti sayti, boshqa hokimiyat idoralari va tashkilotlar saytlariga kiberhujum tafsilotlarini tergov qilishni boshlagani ma'lum qilingan. Kiberhujum oqibatida Gruziya prezidenti saytida sobiq prezident Mixail Saakashvilining surati I`ll be back (Men hali qaytaman) yozuvi bilan birga paydo bo‘lgan.  

2019 yil iyunda Rossiya va Gruziya munosabatlarida navbatdagi ixtilof yuz bergandi. Bunga esa Rossiya dumasi delegatsiyasining Gruziya parlamentida chiqishi sabab bo‘lgan. Shundan keyin Tbilisida bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan, ish ikki davlat o‘rtasidagi aviaaloqalarni to‘xtatishgacha borgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid