O‘zbekiston | 16:33 / 21.02.2020
21505
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya erkin savdo hududi tashkil etishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Turkiya erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ma'lum qildi.

Foto: Anadolu Agency

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir tomonlar imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. «Kelgusida biz erkin savdo zonasi to‘g‘risida kelishuvga erishamiz. Bu bizning rejalarimizda bor», - dedi Umurzoqov prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berib.

Vazir so‘nggi uch yil ichida ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmi ikki baravar ko‘payganini, 2020 yil oxiriga qadar esa tomonlar u 3 milliard dollarlik darajaga yetishini kutayotganini ta'kidlab o‘tdi.

«Prezidentlar yaqin kelajakda savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun bizda barcha asoslar bor. Turkiyalik sheriklarimiz bilan juda jiddiy ishlashimiz kerak. Avvalo, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash yo‘nalishi bo‘yicha. Biz bu bilan shug‘ullanmoqdamiz», - deya qo‘shimcha qildi Umurzoqov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-20 fevral kunlari Turkiyaga tashrif buyurdi va u yerda ikki mamlakat rahbarlari raisligida birinchi marotaba oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida davlatlararo hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar, ularni hal qilish yo‘llari, istiqboldagi muhim vazifalar ko‘rib chiqildi, tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi. Strategik hamkorlik kengashining birinchi majlisi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot, shuningdek, savdo, iqtisodiyot va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hujjatlar imzolandi.

Tashrifning ikkinchi kunida Mirziyoyev Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi, Turkiya Respublikasi prezidenti qoshidagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Mavzuga oid