O‘zbekiston | 08:28 / 24.02.2020
4605
2 daqiqa o‘qiladi

OTB O‘zbekistonga elektr transportini rivojlantirishda yordam beradi

OTB ekspertlari O‘zbekistonda elektr transport vositalarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha tavsiyalar beradi

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) maslahat kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda elektr transportini rivojlantirish istiqboli bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, Osiyo taraqqiyot banki missiyasining maqsadi - O‘zbekistonda elektr transportini rivojlantirish siyosati va strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha maslahat berish, elektr transport vositalarining atrof-muhitga ta'sirini tahlil qilish hamda soliq, tariflash, subsidiya ajratish kabi sohalarda jahon amaliyotini hisobga olgan holda iqtisodiy oqibatlarni baholash.

Uchrashuv davomida texnik yordamning asosiy yo‘nalishlari, jamoat hamda shaxsiy transport vositalari sohasiga elektr transport vositalarini bosqichma-bosqich joriy etish, bu borada tegishli standartlarni amalga oshirish, zarur infratuzilmani rivojlantirish va O‘zbekistonda quyosh manbalarining katta imkoniyatlarini hisobga olgan holda yoqilg‘i quyish stansiyalarining turlarini aniqlash, resurslarni tejash zaruriyati va batareyalar ishlab chiqarish bo‘yicha tavsiyalar berishning asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi.

Qayd etilishicha, elektr transportini rivojlantirish masalalari prezidentning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid