Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident tashqi savdo operatsiyalariga aloqador yangi farmon imzolaydi
Tashqi savdo operatsiyalarini xalqaro standartlarga yanada uyg‘unlashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi
Prezidentning “Tashqi savdo operatsiyalarini xalqaro standartlarga yanada uyg‘unlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra umumiy qiymati besh ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlar:
a) yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar tomonidan oldindan to‘lov va boshqa kafolatlangan to‘lov shartlarisiz, bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan invoys ma'lumotlarini Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga (TSOYaEAT) kiritish sharti bilan O‘zbekistondan olib chiqiladi. Bunda, sotuvchi shaxslar tomonidan tovarlar olib chiqilishida xorijiy xaridor aniq bo‘lmagan hollarda xaridor haqidagi ma'lumotlarni invoysda ko‘rsatilishi talab etilmaydi;
b) norezident jismoniy shaxslar va ularning ishonchli vakillari tomonidan oldindan to‘lov sharti bilan sotuvchi shaxslarning TSOYaEATga kiritgan invoysi asosida bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan O‘zbekistondan olib chiqiladi;
v) invoys hujjati asosida olib chiqilishi fakti davlat bojxona xizmati organlari tomonidan TSOYaEATda tasdiqlanadi hamda bunday operatsiyalar bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan eksport operatsiyalariga va qisqa bojxona yuk deklaratsiyasiga tenglashtiriladi.
Farmonning 1-bandida belgilangan normalar amaldagi qonunchilikda ayrim cheklovlar o‘rnatilgan tovarlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Tashkiliy maqomidan qat'iy nazar barcha tadbirkorlik sub'yektlariga:
a) tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun norezident jismoniy shaxslardan xalqaro to‘lov tizimlari orqali O‘zbekiston banklarida ochilgan hisob raqamlariga to‘lovlarni qabul qilishga;
b) tovarlar eksportida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron shakldagi invoysdan foydalanishga;
v) shartnoma ma'lumotlarini TSOYaEATga kiritish sharti bilan xorijiy davlatlardagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni O‘zbekiston hududiga haqiqatda olib kirish majburiyatisiz sotib olish va ularni sotish bo‘yicha O‘zbekiston norezidentlari bilan “xalqaro savdo shartnomasi” tuzish va valuta operatsiyalarini amalga oshirish, savdodan olingan tushumni boshqa yuridik shaxslar foydasiga transferabel akkreditivlar va boshqa to‘lov hujjatlarini qo‘llash yo‘li bilan qayta berishga ruxsat etiladi.
Bunda, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib olish bo‘yicha tuzilgan xalqaro savdo shartnomalari doirasida amalga oshiriladigan xorijiy valutadagi to‘lovlar miqdoridan kam bo‘lmagan mablag‘lar 180 kalendar kuni mobaynida o‘zlarining O‘zbekiston banklaridagi hisob raqamlariga to‘liq kelib tushishi ta'minlanishi lozim. Ushbu belgilangan muddatda kelib tushmagan valuta mablag‘lari muddati o‘tgan debitor qarzdorlik sifatida qaraladi va tadbirkorlik sub'yektlariga qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda faoliyat olib boruvchi jismoniy shaxslar shartnoma va invoys ma'lumotlarini TSOYaEATga kiritish sharti bilan O‘zbekistonning norezidentlari bilan tashqi savdo bitimlarini tuzish hamda tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.
Davlat soliq qo‘mitasi:
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan norezidentlarga savdo qilinadigan va eksportga chiqariladigan tovarlar uchun internet tizimida qulay tartibda xalqaro savdo qoidalari hamda soliq, valuta va bojxona nazorati minimal talablari asosida tegishli ma'lumotlar orqali elektron invoys hujjatini shakllantirish imkoniyatini, shuningdek bu bo‘yicha mobil qurilma dasturlarini yaratadi hamda TSOYaEATga integratsiya qiladi;
chetga olib chiqiladigan tadbirkorlik faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarga sotuvchi shaxslar tomonidan xaridorlarga invoys berilishi va invoys ma'lumotlari TSOYaEATga kiritilishini ta'minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilab oladi hamda savdo markazlarida va chegara bojxona postlarida tadbirkorlik sub'yektlariga yaqindan ko‘maklashadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
chegara bojxona postlarida jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib o‘tish maqsadlarini aniqlash tartibi bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi;
chegara bojxona postlarida jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqilishida taqdim etiladigan invoys hujjatidagi ma'lumotlarini TSOYaEATga kiritilgan elektron ma'lumotlar bilan solishtirish va TSOYaEAT orqali tasdiqlash amaliyotini yo‘lga qo‘yadi;
chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolarga invoysda ko‘rsatilgan ma'lumotlarning haqqoniyligiga shubha uyg‘ongan taqdirda yoki ular noto‘g‘ri deb topilgan holatlarda ma'lumotlarni to‘g‘rilash imkoniyatini yaratish va tovarlarni olib chiqilishida ko‘maklashish hamda valuta mablag‘larini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida to‘liq qayd etilishi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Mavzuga oid
12:29 / 26.08.2025
Tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha umidsiz qarzlar onlayn hisobdan chiqariladi
10:09 / 09.08.2025
Obektlarni Fast-track usulida qurishga ruxsat berish amaliyoti bekor qilinadi
17:11 / 26.11.2024
"JST bu – adolatli savdo tizimi" - Jamshid Qo‘chqorov
15:54 / 24.10.2024