O‘zbekiston | 21:40 / 26.02.2020
6362
4 daqiqa o‘qiladi

Aholining ijtimoiy himoyasiga mas'ul davlat organi tuzish taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda aholining ijtimoiy muhofazasi masalalari bir qancha vazirlik, idoralar orasida tarqalib ketgan bo‘lib, mavjud holat aholi extiyojmand qatlamlarining hayot kechirish sifati va darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatyapti, deb hisoblaydi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inoqov.

Alisher Inoqov / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«Oqibatda ijtimoiy himoyaning turli yo‘nalishlari, shu jumladan, fuqarolarning pensiya ta'minoti, imtiyozga ega fuqarolarga differensial tarzda u yoki bu imtiyozlarni, xizmatlarni yetkazish choralari muvofiqlashtirilmay kelinyapti. Aholi ijtimoiy himoyasining o‘rta va uzoq kelajakka mo‘ljallangan barqaror strategik rivojlanishi ta'minlanmay qolmoqda», – deydi u.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Alisher Inoqov bu haqda 26 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi va Xalq demokratik partiyasining qo‘shma yig‘ilishidagi hisobotida aytib o‘tgan.

Agentlik direktori muammoni hal etish uchun keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida maxsus vakolatli davlat organini tashkil etish ishlarini yakuniga yetkazishni taklif etdi.

Uning aytishicha, nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiyasi bugungi kun talablariga javob bermaydi.

«Nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish» dasturi birinchi va oxirgi marta 1995 yilda qabul qilingan», – dedi Inoqov.

Agentlik rahbari bu masalalar yuzasidan davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi.


Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«Tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasiga malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Bu sohadagi muammolardan yana biri», – dedi Alisher Inoqov.

Bildirilgan taklifga ko‘ra, bu muammoni hal etish uchun Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida yangidan tashkil qilingan «Ijtimoiy tibbiyot» kafedrasida sohaga yuqori malakali mutaxassislarni va rahbar kadrlarni tayyorlash uchun joriy yilning iyun oyidan boshlab, ushbu kafedra negizida tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida bakalavriaturani tugatgan mutaxassislarga birlamchi mutaxassislik (6 oy) bo‘yicha o‘qitish va 2 yillik klinik ordinaturani tashkil qilish kerak.

Ta'kidlanishicha, so‘nggi 20 yil davomida nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmatni tashkillashtirish, protezlash yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli tarzda ilmiy izlanishlar olib borilmagan.

Oqibatda soha rivoji to‘xtab qolgan.

«Bu dolzarb yo‘nalishda maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, ularning natijalarini amaliyotga joriy qilish va soha rivojini ta'minlash lozim.

Buning uchun Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining Ijtimoiy tibbiyot kafedrasida doktorantura ochish, «Ijtimoiy tibbiyot», ya'ni tibbiy-mehnat ekspertiza, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya va xizmat ko‘rsatish, protezlash yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan Ilmiy kengashlar ochish taklif etilmoqda», – dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori Alisher Inoqov.

Mavzuga oid