Mirishkordagi shifoxona yana xarob ahvolda. Davlat pullari besamar sarflandimi?
Qashqadaryodan kelgan navbatdagi murojaat bir jiddiy savolni o‘rtaga chiqarmoqda: nima uchun yangi yoki endigina ta'mirdan chiqqan binolar yana ta'mirtalab bo‘lib qolmoqda?
Qo‘l uchida bajarilgan ishlar uchun javobgarlik yengilmi yoxud jazo muqarrar emasmi? Ehtimol, boshqa sababi bordir? Ayniqsa, gap davlatning besamar sarflangan milliard-milliard so‘m mablag‘ haqda ketganda kishining joni achiydi.
Mirishkor tumanidagi Jyeynov shaharchasida joylashgan shifoxonaning ta'mirdan so‘ng foydalanishga topshirilganiga endigina olti oy bo‘libdi. 2018 yilning may oyida binoni bo‘shatib bergan shifokorlar 2019 yilning avgustida yana ko‘chib kirishgan.
Toza havo yo‘q, devorlar mog‘or bosgan
Shifoxonada ishlaydigan 200dan ortiq tibbiyot xodimlari ham, u yerda davolanayotgan bemorlar ham shu kecha-kunduzda aziyat chekadigan holatlar ko‘p. Xususan, ularga toza havo yetishmayapti. Bo‘limlarga kirib borar ekansiz, sizni ham xuddi shu holat bezovta qiladi — dim va badbo‘ylik.
Havo aylanish tizimi nosozligi uchunmi yoki nam to‘planganidanmi, devorlar mog‘orlab ketgan.
Ayrim xonalarda esa havo aylanish tizimining o‘zi yo‘q. Hatto steril sharoitda saqlanishi kerak bo‘lgan tug‘ruq bo‘limida ham ana shu ahvol.
Ayrim xonalarda kanalizatsiya o‘rnida ulkan teshik bor, xolos. Quruvchilar nimani o‘ylab bunday «o‘ra» qoldirishgani tushunarsiz...
Eshiklar ham «betob»
Shifoxonaning o‘zimiz kirgan bo‘limlarida g‘alati holatga guvoh bo‘ldik. Bilasiz, tomirdan ukol olgan odamning qo‘li odatda biroz muddatga tibbiyot binti yoki ro‘molcha bilan bog‘lab qo‘yiladi, qon ketmasligi uchun. Jyeynovdagi shifoxonada esa nafaqat bemorlar, shu bilan birga barcha eshiklarning ham «qo‘li bog‘langan».
Yo‘q, bir-ikkitasi emas, barchasi! Tasodifmikin deb, ikkinchi qavatdagi barcha eshiklarni qarab chiqishga to‘g‘ri keldi. Qiziq, ularga nima qilgan o‘zi?! Shifokorlar tushuntirib berishdi. Eshiklarga ro‘molcha bog‘lanmasa, ochilib ketarkan. Risoladagidek ochilib-yopiladigan eshik yo‘q. Agar bunday holat bitta-ikki bo‘limda kuzatilsa, «maydalashib» o‘tirmasdik...
Suv yetishmaydigan shifoxona
Butun boshli shifoxonaga suv mana shu hovuzchadan olinadi.
Tabiiyki, yetmaydi. Umuman, Jyeynovda ham, atrofdagi qator aholi manzillarida ham ichimlik suvi og‘ir muammo. Markazlashgan suv tarmog‘i yo‘q. Mana shu hovuzdagi suvni tejab, tejaganda ham juda qattiq tejab ishlatmasa, bir soatga ham yetmaydi.
Agar siz sterillangan suvi yo‘q shifoxonani ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, Jyeynovga kelaverasiz. Shifoxona laboratoriyasida bo‘lganimizda biz ham bunga guvoh bo‘ldik. Xodimlardan biri boshqa shifoxonada ishlaydigan qizidan har kuni 2-3 «baklashka» sterillangan suv olib kelishni so‘rarkan.
Sterillangan suv ajratadigan mana bu uskunani esa ishlatib bo‘lmaydi, sababi yana suv bilan bog‘liq. Shunday uskuna ishlatilmasdan «qariyapti».
Isitish tizimi
Garchi 1 milliard 900 million so‘m ta'mir uchun ajratilgan bo‘lsa-da, binoda isitish tizimi yo‘q. Azbaroyi bemorlarga rahmi kelganidan siz suratda ko‘rib turgan qozonxonani shifokorlarning o‘zi qurib olgan. Ammo qozonxona bo‘lgani bilan, ishlaydigan isitish tizimi ham kerak. Bu tizim esa ishlamaydi. Bemorlar o‘zlari bilan soz-nosoz turli elektr isitkich uskunalar olib kelishadi.
Shifoxonadagi aksariyat mebel va jihozlar ham 40-50 yoshlarda ekani ko‘rinib turibdi. Ta'mir vaqtida ularni yangilash ko‘zda tutilganmidi, yo‘qmi, buni bilolmadik.
Xodimlar kirni tog‘orada yuvishadi
Tasavvur qiling, shifoxonada bir kunda qancha kir pastel-matras jamlanadi? Bu yerda o‘sha kirlar qo‘lda yuvilyapti. Ana endi bu opalarning sabri va mashaqqatini tasavvur qilavering. Butun boshli shifoxonaga kir yuvadigan mashina xarid qilish shunchalik og‘irmi yoki bu imkoniyat unutib qo‘yilganmi?
Quruvchilar laboratoriya va kirxonadan chiqqan oqova suvni shunchaki shifoxona hovlisiga to‘g‘rilab qo‘yishgan. Erta-indin kunlar isiy boshlagach yuzaga keladigan vaziyatni tasavvur qilavering.
Xullas, butun bir shifoxona ahvoli mana shu. Bu ahvoldagi «ta'mir»ni kim, qanday qabul qilib olgan, deysizmi? Xuddi shu savolga javobni Mirishkorda bir kun yurib ham topolmadik.
Shifoxona bosh shifokori ta'mir vaqtida ishdan bo‘shatilgan. Ta'mirlash ishlari tugagandan so‘ng, bino qabul qilingach, qaytib vazifasiga tiklangani ma'lum bo‘ldi... Juda qiziq, shunday emasmi?
Binoni qabul qilib olish, loyihada aynan nimalar ko‘zda tutilgani, smeta va boshqa hujjatlar bilan tanishish istagida tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lib, u yerdan ham aniq ma'lumot ololmadik. Mirishkor tumani hokimligi qurilish bo‘limi ham hokimlikning bu shifoxonaga «umuman aloqasi yo‘qligi, hokimlik qabul qilmagani»ni aytmoqda. Qisqasi, mas'uliyatni zimmasiga oladigan odam yo‘q. Tumanda biror tashkilot rasmiy ma'lumot berolmadi.
Qurilish korxonasi rahbari bilan telefonda qisqacha suhbatlashganimizda hokimlik ham, tuman tibbiyot birlashmasi ham shifoxonani hech qanday muammosiz qabul qilib olgani ma'lum bo‘ldi. Umuman, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha 20ga yaqin tashkilot tegishli hujjatlarga qo‘l qo‘yib bergan ekan. Endi esa buni tan oladigan tashkilot yo‘q.
Katta mablag‘ sarflangan kichik shifoxonadagi bu kamchiliklar yuzasidan jo‘yali izoh kutib qolamiz.
Anvar MUSTAFOQULOV, Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbirlari.
Mavzuga oid
13:42 / 23.11.2024
Dubayda qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
09:45 / 10.09.2024
Jizzaxda uch aka-uka shifoxonada bezorilik qildi
12:46 / 09.08.2024
Qashqadaryoda yo‘qolib qolgan ayolning jasadi shifoxonadagi lift shaxtasidan topildi
14:32 / 25.07.2024