O‘zbekiston | 07:43 / 06.03.2020
11791
13 daqiqa o‘qiladi

Jinoyatlar uch kun ichida sodir etilgan hududidagi mahallalarda muhokama qilinadi

Jinoyatlarning sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Jinoyatlarning sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar Nizomning asosiy maqsadi hisoblanadi:

huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar faoliyatining o‘zaro hamkorligini ta'minlash va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasiga mas'ul davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va boshqa tegishli nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda har bir jinoyatning sabablari va ularni keltirib chiqargan shart-sharoitlarini o‘rganish hamda bartaraf etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

huquqbuzarlikdan jabrlanuvchilarni, huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki sodir etgan, shu jumladan, ilgari sudlangan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish choralarini kuchaytirish;

fuqarolarning huquqbuzarlikdan jabrlanish xavfini kamaytirish;

sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha fuqarolarda xolis fikrni shakllantirish.

Jinoyatlarni muhokama qilish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:

qonuniylik;

demokratizm;

shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish;

tizimlilik;

aybsizlik prezumpsiyasiga rioya etish;

ishontirish usulining ustuvorligi.

Quyidagi jinoyatlarning muhokama qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

oshkor etilishi davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan jinoyatlar;

harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar;

chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar;

jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar;

tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish;

jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar;

farzandlikka olish sirini oshkor qilish;

o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;

oldingi yillarda sodir etilib, joriy davrda hisobga qo‘yilgan hamda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi asosida tugatilgan jinoyat ishlari bo‘yicha) jinoyatlar.

Jinoyatlar ular to‘g‘risidagi ma'lumotlar ichki ishlar organlariga kelib tushgan kundan boshlab uch kun ichida sodir etilgan hududidagi mahallalarda muhokama qilinadi.

Respublikaning boshqa hududlaridan (viloyat, shahar, tuman, qishloq, ovul, mahalla) kelib jinoyat sodir etgan shaxslar bo‘yicha muhokamalar ularning yashash joyidagi mahallalarda ham o‘tkaziladi.

 Sodir etilgan jinoyatlar muhokamasini tashkil qilish bo‘yicha ishlar belgilangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

Hududiy ichki ishlar organlari sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish uchun mas'ul ishchi organ hisoblanadi.

Sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi birlamchi axborotlar har kuni surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar tomonidan ishchi organga taqdim etiladi.

Ishchi organ tomonidan axborotlar umumlashtirilgan holda shu kunning o‘zida tegishli tuman (shahar) hokimiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga, agar jinoyat boshqa hududdan kelgan shaxs tomonidan sodir etilganligi aniqlangan bo‘lsa, ushbu shaxsning doimiy yashash manzili bo‘yicha joylashgan ishchi organ (hududiy ichki ishlar organi)ga ham elektron tarzda yuboriladi.

Yuqori turuvchi ichki ishlar organi tomonidan ma'lumotlar ular qabul qilingan kunda tegishlilik bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga taqdim etiladi.

Sodir etilgan jinoyatlarning qisqacha mazmuni, sodir etilgan hudud sektori rahbari, mahalla raisi, profilaktika (katta) inspektori hamda boshqa tegishli mansabdor shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar, mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari (bunda sababning davomiy yoki voqea davrida yuzaga kelganligiga alohida e'tibor qaratiladi) hamda bunga imkon bergan shart-sharoitlar ko‘rsatiladi.

Ishchi organ quyidagi vakolatlardan foydalanadi:

sodir etilgan jinoyatlar muhokamasiga mas'ul va ko‘maklashuvchi organlardan zarur ma'lumotlarni so‘rab olish;

muhokamalar bo‘yicha yuritilgan hisobotlarni monitoring qilib borish va haqqoniyligiga baho berish;

muhokamalarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan mas'ul shaxslar faoliyatini o‘rganib, takliflar kiritish.

Tuman (shahar) hokimlari har kuni:

tuman (shahar) ichki ishlar organi tomonidan taqdim etilgan tegishli hududda sutka davomida sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi axborot bilan tanishadi;

axborotda ko‘rsatilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlarni o‘rganish, huquqqa xilof harakatlarni keltirib chiqargan omillarni aniqlash va muhokamasini tashkil qilish uchun tegishli sektor, mutasaddi tashkilot va muassasalar rahbarlariga topshiriq beradi.

Tuman (shahar) hokimligi Tashkiliy-nazorat guruhi tegishli sektor va mas'ul tashkilotlar rahbarlariga topshiriqni darhol yetkazadi.

Quyidagi organlar va muassasalarning hududiy tuzilmalari sodir etilgan jinoyatlarning turi hamda xususiyatlaridan kelib chiqib ularni muhokama qilishda ko‘maklashadi:

xotin-qizlar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlari;

voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, oliy ta'lim muassasalari;

ishsiz, bandligi ta'minlanmagan shaxslar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;

ruhiy kasallar, spirtli ichimliklarga yoki giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan shaxslar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;

odob-axloq va oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;

ichki ishlar organlari profilaktik hisobiga olingan, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni o‘tayotgan, ma'muriy nazoratda turgan, ilgari sudlangan shaxslar tomonidan yoki ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari;

bevosita korxona va tashkilotlar hududida sodir etilgan holatlar bo‘yicha – korxona va tashkilot rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari.

Muhokamalarga boshqa davlat muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan diniy tashkilotlar vakillari jalb etilishi mumkin.

Hududiy sektor rahbarlari:

jinoyatlarning sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlarni mas'ul tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘rganishni tashkil qiladi;

sektor hududida sodir etilgan jinoyatlar muhokamalarini shaxsan o‘tkazadi;

muhokamalarda mas'ul tashkilotlar vakillarining ishtirokini ta'minlaydi;

sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha keng jamoatchilikka qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo‘shimcha ma'lumotlarning taqdim etilishini ta'minlash orqali asossiz shov-shuvlarning oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Har bir sodir etilgan jinoyat muhokamasida ichki ishlar organlari rahbarlari, tayanch punktlari profilaktika (katta) inspektorlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining, shuningdek jinoyat ishi bo‘yicha tergov yoki surishtiruv olib borayotgan tergovchi, surishtiruvchining ishtiroki ta'minlanishi shart.

Muhokamada sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlardan kelib chiqib, kelgusida shu kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanadi.

Muhokama yakuni bo‘yicha tegishli mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan yig‘ilish bayonnomasi rasmiylashtiriladi va yig‘ilishda raislik qiluvchi tomonidan imzolanib, sektor shtabida ro‘yxatga olinadi.

Yig‘ilish bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatilishi shart:

bayonnoma tuzilgan sana va joy;

qatnashuvchilar va taklif etilganlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiyasi, ismi, sharifi, ish joyi va lavozimi);

ishtirok etganlar soni;

kun tartibidagi masala;

sodir etilgan jinoyatning mazmuni, kelib chiqish sabablari va bunga imkon bergan shart-sharoitlar tahlili;

jinoyat ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

tegishli tashkilotlar vakillarining muhokama qilinayotgan jinoyat bo‘yicha fikr va mulohazalari;

muhokama qilingan jinoyat kelib chiqishining barvaqt oldini olish choralarini ko‘rmagan vakolatli tashkilotlar rahbarlari yoki mas'ul xodimlariga intizomiy ta'sir choralari qo‘llash bo‘yicha takliflar;

muhokama qilingan jinoyatning kelgusida oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar va takliflar.

Yig‘ilish bayonnomasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ustidan nazorat bevosita sektor rahbarlari tomonidan ta'minlanadi.

Muhokama jarayonlari fotosuratga va videotasvirga olinib, yig‘ilish bayonnomasi nusxalari bilan birga ishchi organga hamda tegishli hokimlik Tashkiliy-nazorat guruhiga taqdim etiladi.

Ishchi organ:

yig‘ilish bayonnomalarida qayd etilgan ma'lumotlarni umumlashtiradi, tahlil qiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda ularning yagona hisobini yuritadi;

har oy yakuni bo‘yicha tegishli hududlarda sodir etilgan jinoyatlarni tahlil qilib, keyingi oyning 5 sanasiga qadar tuman (shahar) hokimligiga hamda yuqori turuvchi ichki ishlar organiga batafsil axborot kiritadi.

Yuqori turuvchi ichki ishlar organi tomonidan axborotlar umumlashtirilgan holda keyingi oyning 7 sanasiga qadar tegishlilik bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari:

Sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi axborotlar asosida ular taqdim etilgan kundan boshlab uch kun ichida tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi va jinoyatchilik holatini muhokama qiladi;

tegishli tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari harakatsizligiga nisbatan o‘z vakolati doirasida choralar ko‘radi;

huquqqa xilof holatlar bo‘yicha o‘z vaqtida ta'sir choralarini ko‘rish va ularning salbiy oqibatlariga barham berish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasida bevosita ishtirok etuvchi organlar va muassasalarni jalb qilish hamda ularning hamkorligini tashkil etish borasida ta'sirchan chora-tadbirlarni ko‘rib, mazkur yo‘nalishda shaxsiy nazorat o‘rnatadi.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining majlislarida hisobot davri yakuniga ko‘ra, jamoat xavfsizligini ta'minlash natijalarining tahlili asosida har oyda:

tegishli hududda sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar;

huquqbuzarliklar profilaktikasida bevosita ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tomonidan jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha manzilli takliflarni ishlab chiqish hamda ularni Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoatchilik xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha respublika komissiyasiga kiritish bilan birga ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ahvoli tanqidiy muhokama qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan hududning olisligi hamda boshqa sabablarni inobatga olgan holda muhokamalar audio va videokonferensaloqa ko‘rinishida ham o‘tkazilishi mumkin.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha o‘tkazilgan muhokamalar ommaviy axborot vositalari orqali aholi e'tiboriga yetkazib boriladi.

 Tuman (shahar) prokuraturalari:

sodir etilgan har bir jinoyat muhokamasi belgilangan tartibda tashkil qilinganligiga alohida e'tibor bergan holda Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

Nizom talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish choralarini ko‘radi.

Sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha o‘tkazilgan muhokamalar yuzasidan ishchi organ hisobotlarining haqqoniyligi, muhokamalarning belgilangan tartibda o‘tkazilganligi va rasmiylashtirilganligi prokuratura organlari tomonidan har chorakda o‘rganib boriladi.

Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid