O‘zbekiston | 22:46 / 10.03.2020
7623
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Raqamli Toshkent» loyihasi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Poytaxt hokimligi tarkibida qator yo‘nalishlar bo‘yicha alohida loyiha ofislari tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 mart kuni qator sohalarda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, O‘zbekistonda YaIM hajmini 2 barobarga oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda raqamli iqtisodiyot mexanizmlaridan keng foydalanish muhim o‘rin tutadi.

Dunyo yalpi mahsulotining 15,5 foizgacha ulushini raqamli iqtisodiyot tashkil etmoqda. So‘nggi 15 yil ichida raqamli iqtisodiyot global yalpi mahsulotga nisbatan 2,5 barobar tez oshgan.

«Keyingi yillarda dunyoda «raqamli shahar» konsepsiyasi ommalashmoqda. Shu tajribadan kelib chiqib, «raqamli Toshkent» tizimini joriy etish, uni 2 yil davomida sinovdan o‘tkazib, boshqa hududlarga esa tayyor dasturiy ta'minotlarni yetkazib berish rejalashtirilmoqda.

Bugungi taqdimotda raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

«Tibbiyot muassasalari pasporti», «UzTrans», turistlar hisobini yuritish bo‘yicha «Ye-Mehmon» va boshqa axborot tizimlari yurtimiz aholisi hamda mehmonlariga katta qulaylik yaratdi.

Prezidentimiz joriy yilda bolalar bog‘chasi, masofaviy ta'lim, shahar jamoat transportlari uchun yagona elektron chipta, qurilishni nazorat qilish, elektron tibbiyot kartasi kabi yangi dasturiy ta'minotlar ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, elektron tibbiyot kartasi joriy etilsa, shifokorlarning qog‘oz to‘ldirishga ketadigan vaqti ancha qisqarib, aholi bilan ishlashi uchun ko‘proq imkoniyat bo‘ladi.

Shu maqsadda Toshkent shahridagi 15ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11ta ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda 62ta poliklinika «Yagona elektron tibbiy karta» va «Elektron poliklinika» axborot tizimiga ulanib, xususiy klinikalar bilan integratsiya qilinadi.

Bunday tizim boshqa soha va tarmoqlarda ham tatbiq etiladi.

Dasturiy mahsulotlar uzluksiz va samarali ishlashi uchun infratuzilma zarurligi qayd etilar ekan, barcha davlat muassasalarini yuqori tezlikda ma'lumot uzatish tarmog‘iga ulash, zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan ta'minlash vazifasi qo‘yildi.

Aholi, ayniqsa yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalarni takomillashtirish, «Bir million dasturchi» loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 600dan ortiq sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablar yuqori tezlikdagi internetga ulangan. Ammo ushbu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar hali ham yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Telekommunikatsiya infratuzilmasi «raqamli shahar» konsepsiyasining asosi ekanligini hisobga olib, ikki yil mobaynida 1,5 mingdan ziyod ijtimoiy obektni yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahar hokimligi tarkibida ta'lim, tibbiyot, uy-joy kommunal, transport, qurilish, kadastr va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha alohida loyiha ofislari tashkil etish zarurligiga e'tibor qaratdi.

Bunday tuzilmalarda dasturchilar har bir soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘sha sohaga mos dasturiy ta'minot yaratadi, ularni sinovdan o‘tkazib, hayotga tatbiq etadi. Zarur hollarda boshqa sohaga tegishli dastur bilan bog‘liqligini ta'minlaydi.

«Raqamli Toshkent» loyihasini moliyalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda davlat-xususiy sheriklik asosida biznes doiralarning faol ishtiroki uchun sharoit yaratish kerakligi ta'kidlandi.

«Elektron hukumat» tizimi orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ularni elektron shaklga o‘tkazish ishlarini jadallashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Mavzuga oid