O‘zbekiston | 15:21 / 11.03.2020
3498
3 daqiqa o‘qiladi

Auditorlik faoliyati uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berish bekor qilinadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 11 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar yangi tahrirdagi “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar. 

Foto: Shutterstock

Xalqaro prinsip va ilg‘or tajribalar asosida auditorlik faoliyatini tartibga solishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish, auditorlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qog‘oz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish qonun loyihasining asosiy maqsadi hisoblanishi qayd etildi. 

Deputatlar mana shu masalalardan kelib chiqib, ushbu hujjatni sinchiklab ko‘rib chiqdilar. Qonun loyihasi eskirgan, havolaki me'yorlarni qayta ko‘rib chiqish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yangi normalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan. 

Ta'kidlanganidek, yurtimizda 2019 yilning 1 aprel holatiga 98 ta auditorlik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Auditorlar soni esa, 584 kishini tashkil qiladi. 17 ta mahalliy auditorlik tashkilotlari yirik xalqaro tarmoq va assotsiatsiyalarning a'zolari hisoblanadi. Mamlakatimizda katta to‘rtlik (Big-4) xalqaro auditorlik kompaniyalarining sho‘'ba jamiyatlari (“Ernst &Young”, “Price Waterhouse Coopers”, “Deloitte and Touche”, “KRMG”) faoliyat olib bormoqda. 

2020 yil 1 yanvardan e'tiboran auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatini faqat Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi tomonidan nashr etiladigan auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirishi, majburiy auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazuvchi auditorlik tashkilotlari ishi sifatining tashqi nazorati natijalari Moliya vazirligining veb-saytida e'lon qilinishi, aktivlarning balans qiymati, tushumlar hajmi va xodimlar soniga qarab, tijorat tashkilotlari ham har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim. 

Qonun loyihasida taklif qilinayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar auditni tartibga solish sohasidagi sinovdan o‘tgan xalqaro amaliyot prinsiplariga asoslangan. 

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi auditorlik faoliyatini tartibga solish, auditning xalqaro standartlari asosida mustaqil audit o‘tkazish amaliyotini tatbiq etish, auditorlik tashkilotlarining xizmatlari sifati va raqobatbardoshligini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘ladi. 

Qonun loyihasining ayrim normalari deputatlarning jiddiy tanqidlariga sabab bo‘ldi. Loyihani qo‘mitaga qaytarish takliflari ham bildirildi. Ushbu loyihaga mas'ul bo‘lgan qo‘mita bildirilgan taklif va tavsiyalar qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida o‘z aksini topishini aytib o‘tdi. 

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan ma'qullandi.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid