O‘zbekiston | 14:24 / 12.03.2020
27964
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasiga bordi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasidagi “Develop Textile” xorijiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Iqtisodiy zona O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga muvofiq tashkil qilingan. Davlat rahbari o‘sha yili oktyabrda bu yerga kelib, taqdim etilgan loyihalar bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 306 million dollardan ziyod bo‘lgan, jumladan, 266 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar evaziga, umumiy hisobda 19 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda sendvich panellar, yuvish vositalari, avtomobil radiatorlari, qurilish materiallari, trikotaj mahsulotlari, tibbiyot qo‘lqoplari, poyabzallar va boshqa tovarlar ishlab chiqarilmoqda. 1100 dan ziyod kishi ish bilan ta'minlangan.

Mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Develop Textile” xorijiy korxonasi erkin iqtisodiy zona hududidagi istiqbolli loyihalardan biri. Ushbu kompaniya 13 million dollarlik loyiha asosida joriy yil yanvarda ishga tushirildi. Germaniya, Turkiya, Xitoydan zamonaviy dastgohlar keltirib o‘rnatildi. 760 ta ish o‘rni yaratildi. 

Bu yerda yiliga 4 ming tonna bo‘yalgan tayyor choksiz trikotaj mato, 14 million dona turli xil tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlariga yiliga o‘rtacha 12 million dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari mazkur korxonada bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni va tikuvchilik mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.

Prezident bu kabi zamonaviy kompaniyalarni ko‘paytirish orqali viloyatda yetishtiriladigan paxta xomashyosini to‘liq qayta ishlash, faqat tayyor mahsulot eksport qilish zarurligini ta'kidladi. 

Joriy yilda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati 26 million dollardan ziyod yana 4 ta korxona foydalanishga topshirilishi hamda 488 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Shu yerda Xorazm viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Davlat rahbari ular yuzasidan ko‘rsatmalar berdi, deyilgan ma'lumotda. 

Mavzuga oid