O‘zbekiston | 10:06 / 14.03.2020
56967
15 daqiqa o‘qiladi

Prezident qurilish bo‘yicha farmon imzoladi. Sohada yangicha tartib o‘rnatiladi

Prezident “O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda O‘zbekiston hududida 2028 yil 31 dekabrga qadar shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatidan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda, shu jumladan, loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bosqichida xorijiy normativ hujjatlar qo‘llanishiga ruxsat etiladi:

mahalliy loyiha-qidiruv tashkilotlarini jalb etgan va milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni ta'minlash bo‘yicha maxsus texnik shartlarni ishlab chiqqan holda, xorijiy normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarining moslashtirilishi;

zarur hollarda moslashtirilgan loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish uchun vakolatli organ tomonidan jalb qilingan mustaqil xorijiy mutaxassislar va konsultantlar xizmatlari uchun to‘lov xarajatlari, ushbu hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalaridan qat'iy nazar, buyurtmachi (investor) tomonidan qoplanishi;

b) 2020 yil 1 iyuldan:

soliq va statistika hisobotlari ma'lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi va boshqa mezonlar) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi;

v) 2020 yil 1 sentyabrdan:

soliq va statistika hisobotlari ma'lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan, malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi va boshqa mezonlar), shuningdek, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi ma'lumotlari (qurilishi tugallangan obektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi hamda boshqa mezonlar) asosida qurilish ishlari hajmlari va obektlariga muvofiq tabaqalashtirilgan holda avtomatik tarzda shakllantiriladigan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi;

g) 2021 yil 1 yanvardan:

qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillari, loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining xarid tartib-taomillarida belgilangan malaka talablariga muvofiqligini baholashda ularning elektron reytingi ma'lumotlaridan foydalanish va boshqa elektron tizimlar bilan integratsiyalash imkoniyatini hisobga olgan holda, elektron shaklda onlayn rejimida amalga oshiriladi;

qurilish sohasida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar (ish tajribasi, moliyaviy barqarorligi, shtatida malakali xodimlarning mavjudligi va boshqa mezonlar) bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yiladi;

davlat xaridlarida ishtirok etish uchun ruxsat berishda elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning dastlabki malakaviy baholashdan o‘tishi, shuningdek, tanlov (tender) hujjatlarining umumiy va texnik qismlarini taqdim etishi talab etilmaydi;

davlat buyurtmachilari va davlat xarid sub'yektlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlarning loyiha hujjatlari kompleks ekspertiza o‘tkazish uchun belgilangan muddatlarda energiya samaradorligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi shart;

qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillarida g‘olib deb topilgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari ishlar (xizmatlar) narxining kamida o‘ttiz foizini o‘z kuchi bilan bajarishi bo‘yicha talab joriy etiladi.

Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini buyurtmachi funksiyasini bajarishga jalb qilish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish to‘g‘risidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berildi:

Toshkent shahrida 2021-2022 yillarda loyihalashtirilishi va qurilishi rejalashtirilgan 10 ta qurilish obektini tanlab olish;

eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga ko‘ra xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bilan injiniring xizmatlarini ko‘rsatish (shu jumladan, texnik nazorat va loyiha boshqaruvi) yuzasidan shartnomalar imzolash;

Vazirlar Mahkamasi tomonidan eksperimentda ishtirok etuvchi qurilish obektlari va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxatining tasdiqlanishi.

Belgilab qo‘yilishicha, eksperiment tanlab olingan obektlarning qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ular foydalanishga topshirilguniga qadar amalga oshiriladi.

Qurilish vazirligi qoshida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me'yorlash markazi tashkil etildi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

qurilishda me'yorlash tizimidagi va innovatsion texnologiyalarni joriy qilishdagi muammolarni o‘rganib borish;

qurilish sohasidagi xalqaro normalar, qoidalar va standartlarni o‘rganish va tahlil qilish asosida milliy normativ hujjatlarni ular bilan uyg‘unlashtirish;

binolar, inshootlar va ularning alohida elementlariga bo‘lgan xavfsizlik talablarini, shuningdek, bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

normativ, shu jumladan, xorijiy hujjatlarning ilmiy-texnik kutubxonasi va elektron bazasini tashkil qilish va yuritish;

xorijiy va xalqaro tashkilotlar, konsultantlar va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda ularni milliy normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishga jalb qilish.

Qurilish vazirligi qoshidagi Qurilishda texnik me'yorlash markazining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 20 nafardan iborat tuzilmasi tasdiqlandi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Markaz faoliyati davlat budjeti mablag‘lari, Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, XMI/XHMTning texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlari) va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Markaz shtat birliklari tegishli vazirlik va idoralarning boshqaruv xodimlarini 2020 yilda maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.

Qurilish vazirligi ikki oy muddatda 2020-2023 yillarda shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish dasturini tasdiqlaydi.

Belgilanishicha, Dasturni amalga oshirish doirasida:

milliy normativ, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish qurilish sohasida tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda amalga oshiriladi;

tarmoq vazirliklari va idoralari ishlab chiqilgan va qayta ko‘rib chiqilgan normativ, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni tasdiqlashdan oldin ularning loyihalarini Qurilish vazirligiga kelishish uchun majburiy tartibda kiritilishini ta'minlaydi;

tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan budjet mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish ishlarining moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarni isloh qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilmoqda.

Muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Ramatov):

vazirlik va idoralarning normativ, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish faoliyati muvofiqlashtirilishini;

vazirlik va idoralarning normativ hujjatlar, shu jumladan, texnik topshiriqlar va tanlov hujjatlarini ishlab chiqish hamda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yillik va uzoq muddatli dasturlari kelishilishi va ularning ijrosi ustidan tizimli monitoring o‘rnatilishini ta'minlasin.

Moliya vazirligi:

qurilish tarmog‘ini isloh qilish, shu jumladan, milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish maqsadida xalqaro ekspertlar va konsultantlarni jalb etishda Qurilish vazirligiga amaliy yordam ko‘rsatadi;

2020 yilda milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, xalqaro ekspertlar va konsultantlar xizmatlari to‘lovini amalga oshirish uchun Qurilish vazirligiga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 15 milliard so‘m ajratilishini ta'minlaydi;

2021-2023 yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini ishlab chiqishda milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratishni nazarda tutadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Qurilish vazirligi ilg‘or xorijiy tajriba asosida, bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining turlari va boshqa mezonlarga qarab minimal talablarni tabaqalashtirgan holda qurilish sohasida mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligiga oid me'yorlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Moliya vazirligi Qurilish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qurilish sohasida xarid tartib-taomillarini tashkil qilish va o‘tkazish tartibini, shu jumladan, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlashda xarid hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha talablarni takomillashtirishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qurilish vazirligi:

a) 2020 yil 1 avgustga qadar xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda quyidagilar ishlab chiqilishini ta'minlaydi:

qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi;

shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni ta'minlash bo‘yicha maxsus texnik shartlarni kelishish va tasdiqlash tartibini;

“fast-track” usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan “tayyor holda topshirish” shartlari (Engineering Procurement Construction) asosida obektlarni qurishga ruxsat berish tartibini;

b) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagi hukumat qarorlari loyihalarini kiritadi:

eksperimentda ishtirok etayotgan qurilish obektlari va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini tasdiqlash haqida;

eksperiment natijasidan kelib chiqib hamda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda – markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan va buyurtmachi funksiyasini xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bajaradigan obektlar qurilishini tashkil qilish va moliyalashtirish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar qoshidagi qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmatlari faoliyatini isloh qilish haqida;

v) Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda keng jamoatchilikni jalb etgan holda 2020 yil 1 mayga qadar ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, bunda quyidagi talablarni o‘rnatish nazarda tutiladi:

ulush kiritish asosida uy-joylarni qurish uchun mablag‘larni jalb etishdan avval kelishilgan loyiha-smeta hujjatlarining mavjud bo‘lishi, quruvchi tashkilotning bank hisob raqamlarida jamlanadigan ulush qo‘shganlarning mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishni cheklab qo‘yish;

qurilishda ulush kiritish asosida ishtirok etish bo‘yicha shartnomalarni majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulush kiritish asosida qurilishda ishtirok etish uchun mablag‘larni jalb etuvchi qurilish tashkilotlarining yagona reyestrini yuritish;

g) Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Muhandislar-konsultantlar uyushmasi bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar kasbga muvofiqlik sertifikatlari berilishini ta'minlagan holda qurilish sohasi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etadi;

d) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingini yaratish doirasida:

2020 yil 1 aprelga qadar loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar ro‘yxatini aniqlasin hamda ularni vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan Qurilish vazirligiga taqdim etish tartibi belgilanadi;

elektron reytinglarni joriy etish uchun o‘rnatilgan muddatlarda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirgan holda zarur dasturiy ta'minotni ishlab chiqadi;

ye) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yangilash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

j) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Farmonning ijrosini tashkil qilishning quyidagi tartibi o‘rnatiladi:

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov – Farmonning sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishini ta'minlasin, normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish uchun mas'ul bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini samarali tashkil qiladi hamda muvofiqlashtiradi, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qiladi va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etadi;

Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – iqtisodiyot va sanoat vaziri J.A.Qo‘chqorov – qurilish sohasida xarid tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartiblariga ilg‘or xorijiy tajribaning joriy qilinishini, shuningdek, milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta'minlaydi;

Qurilish vaziri B.I.Zokirov – loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari, idoraviy ta'lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda qurilish sohasida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi me'yorlarini takomillashtirish yuzasidan zarur choralarni ko‘radi;

Qurilish vazirning birinchi o‘rinbosari Sh.S.Hidoyatov – barcha milliy normativ hujjatlarning bosqichma-bosqich va sifatli ishlab chiqilishi va qayta ko‘rib chiqilishini, qurilish sohasiga, shu jumladan, xarid tartib-taomillariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid