Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DSQ huzurida Fiskal institut tashkil etiladi - Prezident qarori loyihasi
Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etiladi
Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal instituti tashkil etilishi kutilyapti.
Belgilab qo‘yilishicha, Institut “Soliqlar va soliqqa tortish”, “Moliyaviy nazorat va audit”, “Soliq, moliya va tijorat huquqi”, “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta'minlaydigan tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
Institut tuzilmasida Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universitetining bo‘linmasi (fakulteti) tashkil etiladi va uning moddiy-texnik ta'minoti O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Institutda kadrlarni tayyorlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilanadi:
professor-o‘qituvchilar tarkibini yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan, amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan jamlash;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta'limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta'limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni ta'minlash;
malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business Intellegence) va soliq ma'murchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini (Big Data) qo‘llash asosida tashkil etish;
o‘quv jarayonida o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, shu jumladan pedagogik va axborot texnologiyalarini, masofaviy ta'limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish, talaba, tinglovchi va pedagog kadrlarning global axborot-huquqiy hamda ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish sohasida hamkorlikni rivojlantirish.
Belgilab qo‘yilishicha:
Institutni boshqarish Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi;
Institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimiga yuqori malakali xorijiy mutaxassis tayinlanadi;
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi direktori Institut prorektori hisoblanadi;
Institut tuzilmasida “Soliq evolyutsiyasi muzeyi” tashkil etiladi;
Institut o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lash va moddiy ta'minot belgilashni ta'minlagan holda ta'lim muddati uch yil bo‘lgan bakalavrlarni va ta'lim muddati bir yil bo‘lgan magistrlarni tayyorlaydi;
Institutga o‘qishga qabul O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartiblari asosida amalga oshiriladi;
2020/2021 o‘quv yilida Institutning bakalavriatiga talabalarni qabul qilish kvotasi 3-ilovaga muvofiq 420 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 130 kishi), magistraturasiga 26 kishi (shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 5 kishi) etib belgilanadi;
vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi ta'lim shaklida o‘qitish tashkil etiladi;
Institut rektori, prorektorlari, fakultet dekanlari, dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarining lavozim maoshlari oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorida belgilanadi;
Mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Institutning bo‘lim boshliqlari – fakultet dekaniga, bosh mutaxassis – katta o‘qituvchiga, yetakchi mutaxassis – o‘qituvchiga tenglashtiriladi, boshqa xodimlarning lavozim maoshlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash miqdorlarida belgilanadi;
Institutning ma'muriy-boshqaruv va professor-o‘qituvchilar tarkibiga Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarining tegishli toifalari uchun xizmatni o‘tash tartiblari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xodimlarining tegishli toifalari uchun mukofotlarni to‘lash tartibi tatbiq etiladi;
Institutga professor-o‘qituvchilar o‘quv-uslubiy va ilmiy faoliyati bo‘yicha vaqt me'yorlarini, shuningdek, ular uchun cheklangan o‘quv yuklamasini mustaqil belgilash huquqi beriladi.
Institutda davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalarga o‘qishni tamomlaganidan so‘ng, davlat soliq xizmati organlarida kamida besh yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (B.Musayev) “El-yurt umidi” jamg‘armasi (A.Bekmurodov) bilan birgalikda Institut professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda xorijiy davlatlarning yetakchi ta'lim, ilmiy va boshqa muassasalariga magistratura hamda doktoranturada ta'lim olish, stajirovka o‘tash va malaka oshirish uchun yuborish choralarini ko‘radi.
Institut Toshkent shahar, Kichik halqa yo‘li, 3-uy manziliga joylashtiriladi.
Davlat soliq qo‘mitasining Buxoro, Farg‘ona va Toshkent soliq kollejlarini 2019/2020 o‘quv yilida 3-kursini tamomlagan o‘quvchilariga bir yillik amaliy ishda sinov amaliyotini o‘tamasdan kollejni tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom berilishiga rozilik beriladi.
Institutda o‘qishga talabgorlarni tizimli ravishda bosqichma-bosqich tayyorlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida:
Davlat soliq qo‘mitasining Toshkent soliq kolleji umumta'lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinadigan, 2 yillik innovatsion ta'lim dasturlari asosida o‘qitiladigan Institut huzuridagi akademik litseyga;
Davlat soliq qo‘mitasining Buxoro soliq kolleji Ta'limning xalqaro standart tasniflagichi 5-darajasiga mos keluvchi ta'lim dasturlari asosida o‘qitiladigan Institut huzuridagi texnikumga aylantiriladi.
Institut huzuridagi akademik litsey faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilanadi.
Mavzuga oid
14:03 / 27.01.2026
Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
22:35 / 07.01.2026
Tadbirkorlarga soliq hisobotini vaqtida topshirmaganlik uchun jarima miqdori kamaytirildi
08:27 / 03.01.2026
Xitoyda oila siyosatida o‘zgarish: ayrim mahsulotlar uchun soliq qayta tiklandi
18:12 / 01.01.2026