Jahon | 10:22 / 17.03.2020
9987
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy yirik biznesdan koronavirusga qarshi kurashda yordam so‘radi

Foto: RIA Novosti / Stringer

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yirik biznes vakillari bilan uchrashib, koronavirus tarqalishining oldini olishda yordam so‘radi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda COVID-19 koronavirusini yuqtirib olgan 5 nafar inson aniqlangan. 13 mart kuni ulardan biri vafot etgan.

«Yig‘ilishda davlat rahbari yirik biznes vakillari bilan Ukraina hududida COVID-19 koronavirusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘tkazishda yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qildi. Xususan, gap koronavirusni aniqlovchi testlarning yirik partiyasini, zarur tibbiy uskunalarni, himoya va dezinfeksiya vositalarini sotib olish haqida bordi», - deyiladi xabarda.

«Biznes davlat uchun og‘ir bo‘lgan vaziyatda ijtimoiy mas'uliyatni his qilishi lozim. Ukrainaliklar davlat shifoxonalariga murojaat qilishganida o‘zini himoyalangandek his qilishlari shart. Men sizlardan yordam berishingizni so‘rayman», - deb Zelenskiy so‘zlarini keltirmoqda matbuot xizmati.

Uning  so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi vaziyat o‘ta jiddiy emas. «Biz bu davrdan ukrainaliklarning hayoti va sog‘lig‘ini asragan holda o‘tib ketishga umidvormiz», - deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Ta'kidlanishicha, biznesmenlar «davlat rahbarining taklifini qabul qilishdi va koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘tkazishda yordam ko‘rsatishga va'da berishdi».

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Vazirlar Mahkamasi 14 mart kuni dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli, xorij fuqarolarining mamlakatga kirishini vaqtinchalik taqiqlab, aviaqatnovlarni to‘xtatish haqida topshiriq berdi. 17 mart kunidan boshlab, Ukraina chegarasi xorijliklar uchun 2 haftaga yopildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid