Jahon | 13:15 / 22.03.2020
64021
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Qanday vaksina va tahlillar sinab ko‘rilmoqda?

Turli mamlakatlardagi tibbiyot xodimlari Covid-19 vaksinasi va yangi sinov muolajalari ustida ishlamoqda. Vaksinalar kimlarda sinalmoqda va yaqin kelajakda ommaviy taqdim etiluvchi dori-darmonlardan umid qilsa bo‘ladimi?

GETTY IMAGES

Mart oyi o‘rtalarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinaning 41 «nomzodi»ni ro‘yxatga oldi. 

Nomzod vaksinalarini ishlab chiquvchilar orasida yirik global farmatsevtika holdinglari va taniqli universitetlar mavjud — Angliyadagi Oksford universiteti, Fransiyaning Paster instituti shular jumlasidan. 

O‘tgan hafta davomida ularning ba'zilari odamlarda klinik sinovlar boshlanganini e'lon qilishdi. Qaysi mamlakatlarda qanday vaksinalar sinovdan o‘tkazilmoqda?

Rivojlanishdagi vaksinalar

Shu kunlarda AQShning bir qator shaharlarida koronavirusga qarshi vaksinani ko‘ngillilarda klinik sinovdan o‘tkazish boshlandi.

San-Diyegodagi Inovio tadqiqot markazining BBC’ga xabar berishicha, u yerdagi sinovlar bir necha oy davom etadi, ammo ular to‘liq muvaffaqiyatli kechganda ham ommaviy mavjud bo‘ladigan vaksina keyingi yil o‘rtalarigacha tayyor bo‘ladi deb hisoblash mumkin.

Juma kuni Rossiyada «Rospotrebnadzor» Covid-19’ga qarshi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlanganini e'lon qildi. Matbuot xizmati hisobotida vaksinani 2020 yilning to‘rtinchi choragida joriy etish to‘g‘risida aytib o‘tilgan. RBK nashrining xabar berishicha, preparat dastlab jonivorlarda sinovdan o‘tkaziladi. 

Avvalroq Bostondagi ikki kasalxonada potensial vaksina inson organizmida sinovdan o‘tkazilishi e'lon qilingan edi. Massachusets markaziy kasalxonasi dasturida uch nafar ko‘ngilli ishtirok etmoqda, ammo ba'zilariga platsebo (rangi, hidi, ta'mi va shakli doriga o‘xshash ammo ta'sir xususiyatiga ega bo‘lmagan moddalar) beriladi.

Sietldagi Kaiser Permanente tadqiqot markazining mutaxassislari to‘rt nafar ko‘ngillilarni eksperimental dozada emlashdi, deb xabar beradi Associated Press 17 mart kuni. 

Qozon federal universitetida ham vaksina ustida ish olib borilmoqda / GETTY IMAGES

Xitoyning CanSino Biologics kompaniyasi seshanba kuni o‘zining Ad5-nCoV nomi ostidagi vaksinasi klinik sinovlarning birinchi bosqichida muvaffaqiyatli tasdiqlanganini e'lon qildi. Vaksinada virusning genetik kodi parchasi mavjud, deb xabar beradi Newsweek. 

Tahlil jarayonlari

Koronavirus tahlili usullarini optimallashtirish epidemiyaga qarshi kurashning muhim qismidir. Yevropaning ba'zi mamlakatlari va AQShda test to‘plamlari yetishmasligini kuzatildi. 

Shu hafta Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Britaniyada kuniga 25 ming odam tahlildan o‘tkazilishini va'da qildi. Ammo chorshanba kuni Britaniya terapevtlari uyushmasi raisi Martin Marshall Britaniyada Covid-19 testlari defitsitiga duch kelinganini tan oldi.

Yevropaning eng ko‘p avj olgan mintaqalaridan biri, Italiyaning shimoliy qismi ham to‘plamlar yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. 

Virus tahlillari o‘tkazishning yangi usullari ham ishlab chiqilmoqda. Payshanba kuni yangi usulning birinchi muvaffaqiyatli sinovi haqida Isroil olimlari jamoasi xabar berishdi. Izlanuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu molekulyar sinov usuli bir vaqtning o‘zida bir nechta namunalarni tahlildan o‘tkazishga qodir. 

Yevropa va AQShda birdaniga bir necha kompaniyalar shu hafta uyda o‘tkaziluvchi tezkor test to‘plamlarini ishlab chiqarishdi. Biroq, Amerikada litsenziyalash bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Hozirda hech bir to‘plam AQSh sanitariya nazorati idorasi tomonidan litsenziyalanmagan. 

Buyuk Britaniya bosh vaziri, shuningdek,  koronavirusga qarshi tanada ishlab chiqariladigan antitelani aniqlovchi testlarni sotib olishga va'da berdi. Ushbu testlardan, homiladorlik testlari singari, insonlar mustaqil foydalanishadi va o‘zlarida Covid-19 mavjudligi yoki allaqachon u bilan kasallanishgani shubhasini oydinlashtirishadi.

Bu juda ahamiyatli, chunki ko‘p odamlar ushbu kasallikni alomatlarsiz o‘tkazib, tashuvchi sifatida virusni olib yurishadi. Ilgari u bilan kasallanib, tuzalish jarayonida immunitetga ega bo‘lgan odamlar boshqalarga yuqtirish xavfisiz normal hayot tarziga qaytishlari mumkin.

Mavzuga oid