Hatto infeksiya mustahkamlanadi va odatiy gripp kabi mavsumiy holga keladi, degan taxmin ham mavjud. 

Uning yuqishi faqat vaqt masalasi bo‘lsa, qanday qilib kasallikning oldini olish haqida emas, balki unga qanday tayyorgarlik ko‘rish haqida o‘ylash kerak: dushmanni yuzidan tanigan ma'qul.

BBC’ning rus xizmati SARS-CoV-2 koronavirusi haqida eng ochiq savollarga javob beradi.

Virusning o‘zi nima?

Virus — bu himoyaviy oqsil qatlamga o‘ralgan mayda genetik kod parchasi. Uning zarralari shunchalik kichikki, virusni odatiy mikroskopda ham aniqlab bo‘lmaydi: 100 million nusxadagi yangi koronavirus igna uchiga osongina joylashadi.

Mitti hajm — bu viruslardan himoyalanish juda mushkulligining sabablaridan biridir. Infeksiya yuqtirgan bemorning har yo‘talishida har birida milliardlab virus zarralari bo‘lishi mumkin bo‘lgan mayda tupuk tomchilari uchib ketadi. 

Virus hujayraga kirib, uni oddiy oqsillar o‘rniga virus nusxalarini yaratishga majbur qiladi — infeksiya shunday rivojlanadi. 

Yangi koronavirus qayerdan paydo bo‘lgan?

Fanga o‘nlab million viruslar ma'lum va yangi, ilgari noma'lum turlar doimiy ravishda kashf qilinmoqda. 

Shu bilan birga, ularning aksariyati odamlar uchun mutlaqo bezarardir — atigi bir necha yuz virus turlari xavf tug‘diradi va hatto immunitetimiz evolyutsiya bosqichlarida ularning aksariyatiga qarshi muvaffaqiyatli kurashishni o‘rgangan.

Foto: Getty Images

Biroq viruslar ham rivojlanib boradi va ba'zan mutatsiya natijasida ilgari faqat hayvonlarda uchragan infeksiya inson tanasiga kirib borishi mumkin. 

Bunday «yangi» viruslar ayniqsa xavflidir, chunki odam immuniteti ular bilan hech qachon uchrashmagan va himoya mexanizmini yaratmagan.

Natijada, virus epidemiyaga aylanib, odamlar orasida faol tarqala boshlaydi. Aynan shu holat OIV, SARS, MERS va bugungi yangi koronavirus bilan sodir bo‘ldi.