O‘zbekiston | 16:27 / 22.03.2020
97336
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida ham bir kishi koronavirus yuqtirishda gumonlanmoqda

Xorazm viloyatida bir kishi koronavirusga chalinishda gumonlanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov ma'lum qildi.

«Lekin shuni yaxshi bilishimiz kerakki, kasallik belgilari va laboratoriya tahlillari asosida yakuniy tashxis qo‘yiladi.

Minglab fuqarolarimiz xorijdan vatanga qaytishda davom etmoqda. Albatta, ular ham gumonlanuvchi sifatida tekshirilib, tibbiy nazorat ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar barcha viloyatlarda olib borilmoqda. 

Shunday ishlarni to‘laqonli amalga oshirish uchun yana 32ta laboratoriya jalb etildi. Rossiyadan 14 ming dona test to‘plami xarid qilindi. Bu borada imkoniyatlarimizni oshirish va mutaxassislarni tayyorlash ishlari davom etmoqda», degan Almatov Toshkent shahridan tashqari yana qaysi viloyatlarda koronavirus aniqlangani to‘g‘risidagi savolga javoban.

Almatov uy sharoitida tahlil topshirish masalasida ham izoh berdi.

«Agar fuqaroda shunday ehtiyoj paydo bo‘lsa, infeksionist bilan maslahatlashishi kerak. Hozirda tibbiyot muassasalarida virusni aniqlaydigan vositalar yetarli, lekin uy sharoitida analiz topshirish hozircha ko‘zda tutilmagan. Mutaxassislar soni yetarlicha bo‘lsa, keyinchalik bu masala ko‘rib chiqilishi mumkin», dedi u AOKA huzuridagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifing chog‘ida.

Bahrom Almatov karantindagilarni oziq-ovqat bilan ta'minlash bo‘yicha savolga ham javob qaytardi.

«Karantindagilarni kuniga 3 mahal issiq ovqat bilan ta'minlashni davlat o‘z zimmasiga olgan. Qolaversa, ularning ma'naviy hordiq chiqarishi uchun ham sharoitlar qilingan», deb Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni aniqlangandi. Bir hafta o‘tib bemorlar soni 43 nafarga yetdi - bugun Shveytsariya va Turkiyadan kelgan o‘zbekistonliklarga koronavirus tashxisi qo‘yildi.

UPD: Sog‘liqni saqlash vazirligining Kun.uz’ga xabar qilishicha, Xorazmdagi bemorda dastlabki tekshiruv natijalari u koronavirusga chalinganini ko‘rsatgan, u koronavirus bemorlari ro‘yxatiga kiritilgan, takroriy tekshiruvda, boshqa test tekshiruvi natijasida esa unda koronavirus tasdiqlanmagan. Ayni vaqtda u karantinda saqlanmoqda.

Mavzuga oid