Karantin uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Deputatlar tomonidan karantin tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
23 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Muhokama etilgan loyihaga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga yangi 244-5 modda kiritilib, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Deputat Rasul Kusherbayevning ta'kidlashicha, koronavirus pandemiyasi paytida odamlar orasida vahima uyg‘otishga qaratilgan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan har xil shov-shuvli ma'lumotlar, uydirma axborotlar tarqatish hollar uchrab turibdi.
Shu tufayli, shunday ma'lumotni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Bunday ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish- bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksi yangi 257-1 moddasi bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa
- bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud yohud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish odamlarning, ya'ni ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘lsa yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham bir qator qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida jamoat joylarida niqobsiz yurish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqatilishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqatilishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik hamda Davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan va davolanishdan o‘tish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lgan shaxslar va borgan joylar haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Mavzuga oid
18:07 / 16.10.2024
Oliy Majlis saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
17:44 / 20.09.2024
«Haddini bilmaganlarni mehmon deyolmaymiz» – O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
23:26 / 25.06.2024
2024 yilning 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 65 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi - Senat
22:58 / 25.06.2024