Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘ringa ega ikki fraksiya – Liberal-demokratik partiya va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi birlashib, “Taraqqiyot bloki”ni tuzdi. Bu bilan parlamentda rasman ko‘pchilik shakllandi. Shunga o‘xshash blok 20 yil oldin ham tuzilgandi.

Avvaliga O‘zbekiston parlamentini qisqa tariflasak. Oliy Majlis ikki palatadan iborat. Yuqori palata – Senat, 65 senatordan iborat. Quyi palata – Qonunchilik palatasida jami 150 deputat bor. U yoki bu hujjat qonun shaklida kuchga kirishi uchun uni Qonunchilik palatasi qabul qilishi, Senat ma’qullashi va prezident imzolashi kerak.

Ayrim istisnolarni inobatga olmaganda, aksariyat qonunlar qabul qilingan deb hisoblanishi uchun deputatlarning ko‘pchiligi (50 foiz + 1 nafar) uni yoqlab ovoz berishi kerak. Bu – 150 deputatdan iborat palatada 76 ta o‘rinni olgan partiya ko‘pchilik bo‘lishini anglatadi. Ayni paytda O‘zLiDeP 64 ta o‘ringa ega, ya’ni shu paytgacha parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi guruh yo‘q edi. Yetakchi partiyaning son jihatdan ikkinchi o‘rindagi “Milliy tiklanish” bilan blok tuzishi natijasida, 93 deputatdan iborat bu blok ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Xo‘sh, bunday blok O‘zbekiston tarixida birinchi marta tuzilyaptimi? Yo‘q, Oliy Majlis tarixida shunga o‘xshash blok avval ham tuzilgan.

2005 yil fevral oyida O‘zbekiston tarixida birinchi marta uchta partiya ishtirokidagi “Demokratik kuchlar bloki” tuzilgan edi. B uchta partiya – O‘zLiDeP, “Fidokorlar” milliy-demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi edi. Bu blokning g‘alati tomoni shunda ediki, mafkurasiga ko‘ra teskari partiyalar bitta blokka birlashgan edi. O‘zLiDeP – iqtisodiy o‘ng va siyosiy qadriyatlarga ko‘ra so‘l partiya, “Adolat” – klassik so‘l partiya, “Fidokorlar” – to‘liq o‘ng partiya edi.

Bugungi blokdagi ikki partiya – O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” o‘ng partiyalar hisoblanadi. “Milliy tiklanish” – klassik o‘ng qanot partiya bo‘lsa, O‘zLiDeP iqtisodiy masalalarda o‘ng, siyosiy masalalarda esa markaz yoki so‘lroq pozitsiyani egallaydi. Qolaversa, bu ikki partiyaning ittifoqchiligi bugun boshlangani yo‘q: ular oxirgi prezidentlik saylovida yagona nomzodni ilgari surdi.

20 yil oldingi blok tuzilgan paytda, O‘zbekiston g‘arbga ancha yaqinlashgan, ichki siyosatda demokratik islohotlarni ko‘rsatishga urinayotgan davlat edi. 2005 yilning fevralida bir nechta maqsadlar bilan tuzilgan blok, may oyiga borib, Andijon voqealaridan keyin o‘zining siyosiy g‘oyasini, ahamiyatini yo‘qotadi. O‘zbekistonda boshqa, juda qattiqqo‘l siyosiy kayfiyat hukm sura boshlaydi.