O‘zbekiston | 08:08 / 23.03.2020
13681
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoyga yeryong‘oq eksport qilinadi - «O‘zdavkarantin»

Foto: Dreamstime

2019 yilning 5-10 noyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan Xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi O‘zbekiston delegatsiyasi uchun samarali va foydali kechdi, deb yozmoqda «O‘zdavkarantin» axborot xizmati.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rgazma doirasida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlari o‘rtasida yeryong‘oq eksport qilishga doir ikki tomonlama manfaatli kelishuv imzolandi.

2019 yilning noyabr oyida O‘zbekistondan Xitoyga yeryong‘oq eksporti bilan bir qatorda, yangi uzilgan anorni eksport qilish bo‘yicha bitim tuzilgan. Mazkur savdo bitimi doirasida tadbirkorlarga yanada ko‘proq qulayliklar, yengillik yaratish maqsadida mahsulotlarni avtotransportda uchinchi mamlakat hududidan tranzit orqali yetkazish bo‘yicha kelishuv ham imzolandi. 

Ta'kidlanishicha, shu asosda endilikda tadbirkorlar Xitoyga yeryong‘oqni Qozog‘istondan «Alashankou» (temir yo‘l orqali) va «Xorgos», Qirg‘izistondan «Irkeshtam» hamda «Turgart» chegara o‘tkazish punktlari orqali avtotransportda bemalol olib o‘tishlari mumkin.

Ayni kunlarda O‘zbekistondagi yeryong‘oq mahsulotini qadoqlovchi korxonalar Xitoy bosh bojxona boshqarmasi saytida ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

Hozircha Xitoy davlatining fitosanitar talablariga javob bergan eksportyor korxonalarning umumiy soni 10 ta bo‘lib, dastlabki eksport natijalariga qarab ushbu ro‘yxat kengaytiriladi.

Kelishuvga asosan, yeryong‘oq eksport qiluvchi tadbirkorlar uchun quyidagi asosiy talablar belgilangan:

yeryong‘oq yetishtiriladigan dalalar, uni qadoqlash sexlari, saqlash omborxonalari O‘zbekiston va Xitoy karantin xizmatlarining birgalikdagi ro‘yxatidan o‘tkazilishi;

yeryong‘oq «no‘xat donxo‘ri», «omborxona zararli kuyasi», «tegirmon parvonasi», «omborxona uzunburuni», «barg kanasi», «qora mog‘or kasalligi» kabi zararkunandalardan xoli bo‘lishi;

mahsulot tuproqdan xoli hamda begona o‘t, urug‘lar, o‘simlik qoldiqlari hamda qum yoki shag‘al bilan aralashtirilmagan bo‘lishi;

yeryong‘oq yetishtiriladigan dala O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi inspektorining doimiy nazoratida bo‘lishi, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va tashish inspektor nazorati ostida amalga oshirilishi;

mahsulot fosfid magniy yoki fosfid alyuminiy bilan fumigatsiya qilinishi;

mahsulot qadog‘i toza, gigiyenik, havo o‘tkazadigan va yangi materiallardan iborat bo‘lishi;

har bir qadoqda aniq qilib, xitoy yoki ingliz tilida «Ushbu mahsulot Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilinmoqda» deb yozilib, mahsulot nomi, uni yetishtirgan, ishlab chiqargan, qayta ishlagan va saqlagan korxonaning nomi hamda ro‘yxatga olish raqami kabi ma'lumotlar ko‘rsatilishi shart.

Ma'lum qilinishicha, tadbirkorlar tomonidan belgilangan talablarga rioya etilmasa, mahsulotlar chegara nazorat punktlaridan qaytarilishi va eksportga ochilgan bozorlarga kirish imkoniyati kamayishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid