Jamiyat | 19:00 / 24.03.2020
6511
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda qolib ham kasallikdan saqlanish chorasini ko‘rish mumkin – Nurmat Otabekov

Agar fuqarolarimiz epidemik noxush hududlarda qolishsa ham, ularda  oz-oz virus olish orqali o‘zlarida immun tizimini shakllantirib olish imkoniyati bor.

AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan navbatdagi onlayn brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov charter reyslarda fuqarolar olib kelinishi mamlakatda koronavirusga chalinganlar ko‘payishiga sabab bo‘lishi ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Albatta, O‘zbekiston o‘z fuqarolarini tashlab qo‘ymaydi. Xorijda yashayotgan va O‘zbekistonga qaytishni xohlagan barcha fuqarolarni mamlakatga olib kelish choralari ko‘rilmoqda. Hatto biror davlatda fuqarolarimiz son jihatdan kam bo‘lsa, qo‘shni davlatlar aviakompaniyalari orqali olib kelish masalalari ham hal qilinmoqda.

Eng asosiysi, xorijda yashayotgan fuqarolarimiz bilishi kerakki, tibbiyot bilan shug‘ullangan ota-bobolarimizdan qolgan bir gap bor: «Vabo kasalligi mavjud joydan chiqma va vabo kasalligi bor yerga borma».

Agar fuqarolarimiz epidemik noxush hududlarda qolishsa ham, ularda oz-oz virus olish orqali o‘zlarida immun tizimini shakllantirib olish imkoniyati bor», deya qayd etdi Nurmat Otabekov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xorijda qolib ham kasallikdan saqlanish chorasini ko‘rish mumkin.

Nurmat Otabekov butun dunyo tajribasida yurak-qontomir, nafas yo‘llari tizimi kasalliklari va qandli diabeti bor bemorlar bilan ko‘proq o‘lim holatlari qayd etilayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Uning qayd etishicha, koronavirusning eng og‘ir asoratlaridan biri – nafas qisishi hisoblanadi.

«Koronavirus yuqtirgan bemorda biror surunkali kasallikning bo‘lishi  ularda koronavirus infeksiyasi tufayli o‘lim kuzatilishining asosiy sababidir.

Shuning uchun yurak-qontomir, nafas yo‘llari tizimida kasalliklari va qandli diabeti bor bemorlar bilan ko‘proq o‘lim holatlari qayd etilmoqda», deydi u. 

Mavzuga oid