Jamiyat | 18:49 / 25.03.2020
33469
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoat joylarida niqobsiz yurganlar ishi sudda ko‘rilmoqda

Farg‘ona viloyati Quva tumanida jamoat joyida niqobsiz yurgan shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi, deb xabar bermoqda Quva tuman ma'muriy sudi raisi Azizbek Jumayev.

Foto: Quva tuman ma'muriy sudi

Ma'lum qilinishicha, tumandagi Sanoatchilar MFY manzilida yashovchi fuqaro “Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzib” 25 mart kuni soat 14:00larda Quva tuman markazida niqobsiz yurganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Quva tuman IIB xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilgan. Ayblanuvchi shaxs, dastlab, sodir etilgan huquqbuzarligini inkor qilib, ishni sudda ko‘rishni so‘ragan.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245 moddasi (“ma'muriy sudlar“) bandlariga muvofiq, huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etsa, ma'muriy sudlar ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi masalalarni hal etish uchun ishni bevosita ko‘rib chiqadi.

Shunga asosan, mazkur ish 25 mart 2020 yil kuni Quva tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilib, huquqbuzarlik harakatlari to‘liq dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, huquqbuzar shaxs niqobni qo‘lda ushlagan holatda jamoat joyida harakatlangan.
Ta'kidlanishicha, sud huquqbuzarning qilgan ishidan pushaymonligi, niqobni sotib olgani hamda jamoat joylarida uni taqib yurish majburiyligini tushunganligi, bundan buyon pandemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzmasligi va oilaviy sharoitini inobatga olib, 111 500 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ayni chog‘da 90 nafar fuqaro karantin qoidalarini buzgani aniqlangan. Ulardan 3 nafari jinoiy va 87 nafari ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Mavzuga oid