O‘zbekiston | 20:20 / 26.03.2020
23957
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy shifoxonalar ham koronavirusga qarshi kurashga jalb etiladi

Xususiy shifoxonalarga vaqtinchalikka koronavirusga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatish ko‘rsatishga ruxsat berildi. Bunday tibbiyot tashkilotlari ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuziladi. Xarajatlar Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlarga xususiy tibbiyot tashkilotlari ham xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida​»gi qarorida ko‘rsatilgan.

Hujjatga ko‘ra, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga, istisno tariqasida, 2020 yil 1 sentyabrga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, zarurat yuzaga kelganda Maxsus komissiya qaroriga asosan koronavirus infeksiyasini aniqlashda nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan kelishilgan holda ularning laborator-diagnostika xizmatlaridan foydalaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

  • nodavlat tibbiyot tashkilotlarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni tezkorlik bilan tuzish;
  • nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo‘llash yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish;
  • koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda nodavlat tibbiyot tashkilotlarining laborator-diagnostika xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha Maxsus komissiyaga taklif kiritish;
  • bemorlarni nodavlat tibbiyot tashkilotlariga joylashtirish va davolash natijalarining qat'iy hisobini yuritish;
  • nodavlat tibbiyot tashkilotlarining xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarini shaxsiy gigiyena talablariga qat'iy amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishlarini ta'minlash;
  • nodavlat tibbiyot tashkilotlari bino-inshootlarining dezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini ta'minlash;
  • dezinfeksiya tadbirlarini to‘liq amalga oshirish uchun yetarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini ko‘radi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun nodavlat tibbiyot tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan, istisno tariqasida, tanlov (tender) o‘tkazmasdan aniqlanadi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarining koronavirus bilan kasallanganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlari Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid