Iqtisodiyot | 07:51 / 28.03.2020
43816
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning tashqi qarzi 24 mlrd dollardan oshdi

Qarzdorlikning o‘sishi asosan davlat sektoriga to‘g‘ri keldi 

Foto: Paul Yeung/Bloomberg

O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2019 yil boshidan 40,9 foizga yoki 7,1 mlrd. dollarga oshgan holda, 2020 yil 1 yanvar holatiga 24,4 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida aytilgan.

2019 yilda qarzdorlikning o‘sishi asosan davlat sektoriga to‘g‘ri keldi (5,7 mlrd. dollar), shundan 1 mlrd. dollari xalqaro obligatsiyalar hisobiga shakllangan.

Banklar va iqtisodiyotning boshqa sektor korxonalari tomonidan qarz olish hajmining oshishi natijasida xususiy sektor qarzdorligi 1,4 mlrd. dollarga oshdi.

Qayd etilishicha, 2019 yil davomida xususiy sektor tomonidan umumiy miqdorda 2,8 mlrd. dollar qarzdorlik jalb qilindi. Qarzlarni jalb qilish asosan banklar – 2,1 mlrd. dollar, neft-gaz va energetika tashkilotlari – 208,2 mln. dollar, to‘qimachilik sektori korxonalari – 131 mln. dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari – 391,2 mln. dollar tomonidan amalga oshirildi.

Shuningdek, o‘rganilayotgan davr mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 451,5 mln. dollar miqdordagi asosiy qarz va 294,7 mln. dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 1,5 mlrd. dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 411,8 mln. dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini hanuzgacha neft-gaz va energetika sektori korxonalari hamda banklar amalga oshirmoqda.

Mavzuga oid