«Chin mo‘jizasi» turkumidan. Xitoyni rivojlantirgan sifatli yo‘llar
Bilasizmi, Xitoyda mashinalar soatiga 750 kilometr tezlikda harakatlana oladigan yo‘l qurilmoqda. Ishonish qiyin-a? Ammo bu haqiqat.
Xitoy yarim asr avval aynan qattiq qoplamali yo‘llar masalasida dunyodagi eng qoloq davlatlardan biri edi. O‘sha paytlarda Xitoy hukumati yo‘l qurilishidan ham zarur qurilishlar borligini bahona qilib, yo‘llarga yetarli darajada e'tibor bermagan, oqibatda mamlakatdagi yo‘llarning bor yo‘g‘i 25 foizi asfalt qoplamali bo‘lib, ularning 60 foizi o‘ta yomon ahvolda edi.
Vaziyat Mao Tszedun vafotidan keyin o‘zgardi. «Buyuk yo‘lboshchi» o‘rniga kelgan yangi rahbarlar sifatli yo‘llar qurmasdan mamlakatni rivojlantirib bo‘lmasligini anglab yetishadi. Chin o‘lkasida «Rivojlanishni xohlasak, avvalo sifatli yo‘llar qurishimiz kerak», degan shior ilgari surilib, yo‘l qurish standarti ishlab chiqiladi. Yo‘l qurilishi uchun moliyaviy manbalar belgilanadi:
- davlat va mahalliy budjetdan ajratiladigan mablag‘lar;
- yo‘l ta'miri uchun yig‘iladigan mablag‘lar;
- avtomobil oldi-sotdisida belgilangan soliqlar;
- yoqilg‘ilarga solingan aksiz soliqlaridan tushadigan pul.
1985 yil yo‘l qurilishi uchun alohida qonun ham qabul qilinadi. Unga ko‘ra, yo‘l qurilishi uchun olingan xorijiy kreditlarni qoplash maqsadida yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beradigan yo‘llarning bir qismi pulli bo‘lishi belgilanadi.
Hukumat 1988-2020 yillarda avtomobillarga katta tezlikda harakatlanish imkonini beradigan yo‘llar, avtomagistrallar qurilishi rejasini tasdiqlaydi. Bunday yo‘llarning birinchisi 1988 yilda ochilgan 18,5 kilometrli Shanxay-Dzyatsin trassasi edi. Shu tariqa, avtomobil yo‘llari qurilishida «Xitoy mo‘jizasi» boshlanadi. O‘tgan asrning oxirgi dekadasida Xitoy yo‘l qurilishi uchun shunchalik ko‘p mablag‘ sarflaydiki, bu butun boshli Yevropa va AQSh XX asrning so‘nggi 50 yilida yo‘l uchun sarflagan pulidan ham ko‘proq edi.
Bir paytlar Xitoyda yo‘llarni kam haq to‘lanadigan millionlab ishchilar oddiy belkurak, zambilg‘altak va qo‘lda boshqariladigan asfalt bosadigan moslamalar bilan qurgan bo‘lsa, yangi davrda yo‘lsozlar qo‘lbola asboblar o‘rniga mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnikalarga ega bo‘ladi.
Tez harakatlanishga moslashgan ilk yo‘l 1988 yil qurilgan bo‘lsa, XXI asr boshida bunday yo‘llarning umumiy uzunligi 10 ming kilometrdan oshib ketadi. Bu ko‘rsatkich 2002 yilda 20 ming kilometr, 2008 yilda 60 ming kilometrdan oshdi. Birgina 2008 yilning o‘zida Xitoy yo‘lsozlari 8 ming kilometr uzunlikdagi katta tezlikda harakatlanish imkonini beradigan magistral yo‘l qurishadi.
2013 yil so‘ngiga kelib Xitoyda sifatli avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi 4 million kilometrdan oshadi. Shundan 100,4 ming kilometri tez harakatlansa bo‘ladigan yo‘llar edi. 2011-2015 yillarda transport sohasini rivojlantirish dasturiga ko‘ra, Xitoydagi tez harakatlanish mumkin bo‘lgan yo‘llar tutashtiriladi va bunday yo‘llar mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Shu tariqa, mamlakatda «tezkor trassa» o‘tmaydigan birorta provinsiya qolmaydi. Bunday yo‘llar aholisi 200 mingdan oshadigan barcha shaharlarni o‘zaro bog‘laydi.
2018 yilga kelib Xitoyda tez harakatlanish imkonini beradigan avtomagistrallar uzunligi 142 000 kilometrdan oshdi. Taqqoslash uchun, AQShda bunday yo‘llarning umumiy uzunligi 80 ming kilometr atrofida. Xitoydagi bunday magistrallarning 18tasi sharq-g‘arb yo‘nalishida, 9tasi shimol-janub yo‘nalishida, 7tasi esa radial yo‘nalishda qurilgan.
Umumiy uzunligi 85 ming kilometrdan oshadigan 7ta «tezkor magistral» Pekinni boshqa hududlar va shaharlar bilan bog‘laydi. Xitoyda bunday yo‘llar G harfidan boshlanadigan uchtalik raqamlar bilan belgilangan. Bunda G harfi xitoycha 国家 (guójiā) «milliy» so‘zini anglatadi. Yo‘llarni raqamlash G 000’dan boshlanadi.
Pekindan boshlanadigan yo‘llar G 100’dan boshlab raqamlangan. G 200 raqamidan boshlangan yo‘llar shimol-janub yo‘nalishida, G 300’dan boshlanganlar esa sharq-g‘arb yo‘nalishidagi yo‘llarni anglatadi. Provinsiyalar ahamiyatidagi yo‘llarni raqamlash S harfi bilan boshlangan.
Bugun Xitoyda avtomobil yo‘llari o‘tgan 300 mingta ko‘prik bor. Ularning mingdan oshig‘i 1 kilometrdan uzun. Umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha Xitoy AQSh va Hindistondan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. Hindiston yo‘llarining sifati haminqadar ekani inobatga olinsa, Xitoyni sifatli avtoyo‘llar bo‘yicha AQShdan keyin ikkinchi davlat desa ham bo‘ladi. Bu ketishda Xitoy yaqin yillarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining uzunligi bo‘yicha Hindistonni ham quvib o‘tadi.
Tez harakatlansa bo‘ladigan yo‘llar bo‘yicha esa Xitoy dunyoda mutlaq yetakchi. Bunday tezkor yo‘llarning asosiy qismi so‘nggi yigirma yilda qurildi. Bu borada xitoyliklar «yangi Amerika kashf etishmadi», shunchaki hukumat iqtisodiyotning o‘sishi hisobiga yo‘llarda yuk tashish hajmi oshgani, avtomobil sanoati rivojlanib, yo‘llarda avtomobil ko‘payganini inobatga olib yo‘llar qurish, mavjudlarini ta'mirlashda aniq rejalar bilan ishlash kerakligini tushungan holda bu ishlarga juda katta mablag‘ ajratmoqda.
Aslida pul ajratmoqda deb ham bo‘lmaydi, shunchaki yoqilg‘ilar ustiga «mindirilgan» va mashina oldi-sotdisidan tushadigan yo‘l soliqlari o‘z manziliga yetib bormoqda.
Keling, quruq gaplarga o‘ralashmay, raqamlarga qarasak. 2005-2010 yillarda Xitoy tezkor yo‘llar qurish uchun har yili o‘rtacha 17-18 milliard dollar ishlatgan. Bugun asosiy yo‘lllar qurib bo‘lingan davrda ham Xitoy yangi yo‘llar qurish uchun yiliga o‘rtacha 12 milliard dollar ishlatmoqda. Lekin Xitoy yo‘llarning kilometri uchun o‘rtacha eng ko‘p pul ishlatadigan davlat emas. Masalan, Xitoy 1 kilometr avtostrada (ko‘prik emas, lekin yerdan ko‘tarilgan yo‘l) qurish uchun o‘rtacha 2,9 million dollar sarflayotgan bir vaqtda Briziliya buning uchun 3,6 million, Rossiya esa 13 million dollar xarajat qilmoqda.
Xitoyda yo‘llarning osti shag‘al bilan to‘ldirilgach, ustiga temirdan yasalgan panjara yotqiziladi va uning ustidan beton quyiladi. Oxirgi bosqichda esa qalin asfalt yotqiziladi. Xitoylik yo‘lsozlar bunday yo‘llarga 25 yil kafolat berishadi. Agar yo‘lga kafolat muddati tugaguncha chuqurlar paydo bo‘lsa (bu tabiiy holat), uni qurgan kompaniyaning o‘zi ta'mirlab boraveradi.
Yo‘llar davlat buyurtmasi asosida qurilar ekan, hukumat qurilishni nazorat qiladi. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan mutasaddilar ayovsiz jazolanadi. Davlat buyurtma qilgan yo‘lni quruvchi kompaniya o‘z hisobidan, yetmasa banklardan kredit olib quradi. Yo‘l tayyor bo‘lgach davlat komissiyasi uni sinchkovlik bilan tekshirib qabul qiladi va keyin pul to‘lanadi.
Yo‘l qurilishidagi bunday tizim sifatni ta'minlamoqda, chunki quruvchi sifatga e'tibor bermasa, qurgan yo‘li komissiya tomonidan qabul qilinmasligini va ishni qaytadan qilib berib ikki hissa xarajatga tushishini biladi. Bundan tashqari, davlatdan bajarilgan ishning pulini olish kechikib ketadi. Shuning uchun yo‘l quradigan qurilish kompaniyalari sifatga katta e'tibor beradi.
Xitoydagi aksariyat yo‘llar bepul. Bundan tashqari, davlat qaramog‘idagi va xususiy kompaniyalarga tegishli pullik yo‘llar ham mavjud. Har uch turdagi yo‘llar sifat masalasida bir-biridan qolishmaydi. Natijada, Xitoyda haydovchida tanlash imkoniyati katta. Qonun bo‘yicha davlatga tegishli yo‘llar foydalanishga topshirilganidan 15 yil o‘tib bepul bo‘ladi. Xususiy kompaniyalar qurgan pullik yo‘llar esa 25 yildan so‘ng bepul bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Pulli yo‘llar mavsumga qarab har kilometri bizning pulda 150 so‘mdan 400 so‘mgacha narxlanadi. Yuk avtomobillari uchun esa har kilometri 400-800 so‘mgacha etib belgilangan. Xitoyda yo‘l haqi ancha baland va u qariyb Yevropadagi narx bilan teng. Ammo Xitoyda Yevropa va Yaponiyadan farqli o‘laroq pulli yo‘llar yonida unga muqobil bepul yo‘llar ham bor. Masalan, Shanxayga ikkita sifati bir xil yo‘l olib boradi. Ularning biri tekin, ikkinchisi pullik. Taqqoslash uchun, Yaponiyadagi Tokioga olib boradigan yo‘llarning barchasi pullik.
Xitoylik haydovchilarga yaponiyalik yoki yevropalik haydovchilardan farqli ravishda shu tomonlama qulay, xohlagan yo‘lidan yurish imkoniyati bor. 2000 yilda Xitoyda avtobanlar 10 karra ko‘paydi. 2010 yilga kelib jami avtobanlar bo‘yicha Xitoy AQShni quvib o‘tdi. Bugungi kunda Xitoy avtobanlar bo‘yicha butun Yevropa va AQShni qo‘shib hisoblaganda ham ularni ortda qoldiradi. 2020 yilda Xitoy avtomagistrallar uzunligi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreyani qo‘shib hisoblaganda ham ulardan o‘tib ketdi.
Bugun xitoylik yo‘lsozlar nafaqat Xitoyda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sifatli avtoyo‘llar qurmoqda. Ular qurayotgan yo‘llar sifatli, shu bilan birga boshqalarnikidan arzonroq. Xitoy dunyoning eng qudratli iqtisodiyotiga avvalo tinimsiz mehnat, ishning ko‘zini bilish va nisbatan arzon ishchi kuchi yordamida ega bo‘ldi. Chin o‘lkasining rivojlanishida sifatli yo‘llarning ham o‘rni beqiyos.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Mavzuga oid
16:48
Xitoylik hakerlar AQShdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
02:02
Kanada Mudofaa vazirligi Xitoyni Arktikada razvedka ma’lumotlarini to‘plashda aybladi
22:37 / 23.11.2024
Politico: Xitoy iqlim siyosati poygasida AQSh va YeIdan o‘zib ketdi
21:00 / 21.11.2024