Jahon | 21:43 / 30.03.2020
8648
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya nefti 21 yildagi eng past qiymatgacha arzonlashib ketdi

Rossiyaning Urals nefti narxi bir barreli uchun 16,2 dollargacha tushib ketdi. Ta'kidlanishicha, ushbu turdagi neft uchun bunday past narx 1999 yildagina taklif qilingan.  

Foto: Spencer Platt / Getty Images

O‘tgan hafta ichida Urals nefti 5,51 dollarga arzonlashgan. Bunga neft Rossiya portlaridan aprelda martga nisbatan 13 foiz ko‘proq jo‘natilishi haqidagi axborot sabab bo‘lgan. Neft jo‘natilishi Rossiyada neftni qayta ishlovchi zavodlarni ta'mirlash mavsumi boshlanishi hamda neft qazib olish hajmini qisqartirish to‘g‘risidagi OPeK+ kelishuvining amal qilish muddati yakunlangani sababli o‘sishi kutilmoqda.

“Bozordagi ishtirokchilar neftni qayta ishlash qisqargani sababli neft narxi uzoq vaqt past qiymatda saqlanib qolishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. Dunyoda koronavirus pandemiyasi sababli iqtisodiy faollik ancha kamaygani oqibatida ko‘plab neft mahsulotlariga talab keskin pasaygan”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Neft bozori hozirda “talabning falokatli yo‘qotilishini” boshdan kechirmoqda. Quruqlikdagi neft omborlari to‘lib-toshgani sabab treyderlar uni dengizdagi supertankerlarda joylashga majbur bo‘lmoqdalar; neftni qayta ishlovchi zavodlar ularning mahsulotlariga talab yo‘qligi sababli o‘z ishini to‘xtatmoqda. Dunyoning ko‘plab mintaqalarida neft 10 dollardan arzonroqqa sotilmoqda. Ba'zi hududlarda esa neft narxi umuman 0 qiymatdan pastga tushib ketib, yetkazib beruvchilar uning olib chiqib ketilishi uchun iste'molchilarga o‘z yonlaridan haq to‘lamoqdalar. Joriy aprelda neftga talab 2019 yil apreliga nisbatan  20 foiz kamroq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 

Rossiya banki tomonidan Urals nefti uchun eng past ko‘rsatkich 25 dollar qilib belgilangan. Bundan past narxlarda bank rublni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z zaxiralaridan valutani sotishni boshlaydi. 

Mavzuga oid