O‘zbekiston | 23:54 / 31.03.2020
124660
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq holat va o‘z xodimlariga nomardlik qilayotgan tashkilotlar - deputatlar fikri

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari ortib, uning keng tarqalishiga qarshi hukumat tomonidan qo‘llanilayotgan ta'sir choralari kuchayib borar ekan, bir qancha savollar ham paydo bo‘lmoqda.

Xususan,

– xususiy va davlat tashkilotlari xodimlarining ayni paytda o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarib yuborilayotgani qanchalik asosli?

– karantin sharoitida jamiyatning kambag‘al qatlami uchun qanday yordam ko‘rsatiladi? Bu borada O‘zbekiston hukumati aniq rejaga egami?

– hukumat qarori bilan karantin sharoitida amaldorlarga turli yig‘ilishlar o‘tkazmaslik bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ammo ba'zi holatlarda yig‘ilishlar tashkil qilish holati hamon davom etmoqda. Parlament quyi palatasi bu borada qanday nazorat chorasini o‘rnatgan?

– O‘zbekistonda qat'iylashtirilgan karantin choralari qo‘llanilmokda. Ko‘rilayotgan ushbu choralardan kelib chiqib aytish mumkinki, favqulodda holat e'lon qilish uchun vaziyat yetilgandek. Bu borada parlament yaqin kunlar ichida nimalarni rejalashtirmoqda?

Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir necha deputatlari bilan bog‘lanib, shu kabi savollarga javob oldi.

«Xodimlarini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga majburiy ta'tilga chiqarish holatlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi xodimlari misolida ko‘ryapmiz» – Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Deputat Rasul Kusherbayev karantin sharoitida xodimlarini o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarib yuborayotgan korxona va tashkilotlarni xodimlariga nisbatan nomardlik qilyapti, deb hisoblaydi.

«Ayrim idora va tashkilotlar xodimlarini shunday vaqtda qo‘llab-quvvatlash o‘rniga o‘z hisoblaridan majburan mehnat ta'tiliga chiqarib yubormoqda. Bunday holatni biz «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi xodimlari misolida ham ko‘ryapmiz.

Bu avvalo tashkilotning o‘z xodimlariga nisbatan nomardligi bo‘ladi. Demak, bu kabi holatga yo‘l qo‘yayotgan tashkilot hech qachon xodimlari manfaati uchun astoydil jon kuydirmaydi, balki kimlarningdir foydasi uchun xizmat qilishni o‘ylaydi.

Endi buning qonuniy tomonlariga e'tibor qiladigan bo‘lsak. Birinchidan, xodimni majburan o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqarib bo‘lmaydi. Mehnat kodeksiga asosan xodim o‘z ixtiyori bilangina o‘z hisobidan mehnat ta'tiliga chiqishi mumkin.

Ikkinchidan, prezidentning «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining 18-bandida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim maktablarning faoliyati to‘xtatilgan davrda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta'lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘quvchilarining ota-onalariga (ular o‘rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylarga, homiylarga) yillik ta'tildan foydalanish grafigidan qat'i nazar (shu jumladan, 6 oydan kam ishlaganlarga) yillik ta'til taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shundan kelib chiqib, bolalari bog‘cha yoki boshlang‘ich maktabda tarbiyalanayotgan ota-onalarni faqatgina mablag‘ to‘lanadigan mehnat ta'tiliga chiqarish mumkin», – deydi u.

Kusherbayevga ko‘ra, parlament a'zolari shu kabi masalalarda murojaat qilgan fuqarolar ishlarini tezlikda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ijobiy yechishga harakat qilmoqda.

Vaziyat yaxshilanishi bilan esa mehnat qonunchiligini qo‘pol tarzda buzgan idoralar bo‘yicha parlament eshituvi o‘tkazilishi mumkin.

«Ochig‘i, bu savolingizga men javob bera olmayman. Chunki butun parlament bu borada nimani o‘ylayotganini bilmayman», – deydi deputat karantin sharoitida aholining kambag‘al qatlamiga hukumat yordami haqidagi savolimizga.

 U shuningdek, o‘z saylov okrugi aholisi talabidan kelib chiqib Yangiyo‘l dehqon bozorida taqchil bo‘layotgan kartoshka mahsuloti bilan uzluksiz ta'minlashda bir necha bor Vazirlar Mahkamasiga chiqib, yechim topishga harakat qilayotganini ham qo‘shimcha qildi.

 «Biz (deputatlar) yig‘ilishlar bo‘yicha nazorat o‘rnatganimizni bilmayman, ochig‘i bu haqida eshitmadim», – dedi Rasul Kusherbayev  turli tashkilotlar tomonidan karantin sharoitida ham davom ettirilayotgan yig‘ilishlar bo‘yicha parlament nazorati bor-yo‘qligi haqidagi savolimizga javoban.

 Ma'lumot uchun, kecha ayni shu mavzuda  Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan bir nechta deputatlar parlament bu borada to‘la nazorat olib borayotganini va deputatlarga bu kabi murojaatlar hali bo‘lmaganini ta'kidlashgan edi.

 «Lekin joylarda yig‘ilishlar bo‘layotgani haqida bilib yuribmiz. Ayniqsa, mahalla raislari va xodimlarining uyma-uy yurishga majburlanayotgani bugungi kun sharoitida ham kulgili, ham achinarli hol. Hokimlar buning naqadar mantiqsiz ekanligini anglashlari kerak.

 To‘g‘risi, bu hukumatning quyi darajadagi bo‘g‘inlarida yashayotgan muammo. Biz vaqti kelib hukumatdan bunga izoh so‘rashimiz kerak», – deya qo‘shimcha qildi u.

Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda ayni sharoitdan kelib chiqqan holda favqulodda holat e'lon qilish kerak yoki kerak emasligi borasida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Favqulodda vaziyat e'lon qilish oson ish emasligi aniq. Dunyodagi ko‘pgina mamlakatlar karantin holati bo‘lsa ham bunday rejim e'lon qilgani yo‘q. Afsuski, bunday rejimga o‘tish ko‘p hollarda inson huquqlarining ommaviy buzilishiga olib kelishi mumkin.

Lekin O‘zbekiston sharoitida agar vaziyat shuni taqozo qilsa e'lon qilinishi kerak. Bilmadim, hozircha bunga zarurat bo‘lmayotgandir. Bir narsani unutmaslik kerakki, nimaiki keskin choralar qo‘llanilsa ayni paytda bunga odamlarning o‘zi sababchi bo‘ladi», – dedi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan deputatlikka saylangan Rasul Kusherbayev.

«O‘zbekistondagi vaziyat favqulodda holat e'lon qiladigan darajada emas» – Doniyor G‘aniyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 Monopolist zavod – UzAuto Motors’ga nisbatan keskin tanqidiy fikrlari bilan tanilgan deputat Doniyor G‘aniyev karantin sharoitida xodimlarni o‘z hisobidan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra mehnat ta'tiliga chiqarib yuborilishi har qanday qonunga zidligini ta'kidladi.

 Ammo bu kabi fors-major holatlarda xususiy korxonalarni xodimlarga haq to‘lashga majburlash kichik va o‘rta biznes vakillarining katta qismini  bankrotlik yoqasiga olib kelishi ham mumkin.

 «Shuning uchun, xususiy sektor korxonalarini iqtisodiy tanazzuldan saqlab qolish hamda aholini ijtimoiy himoya bilan ta'minlash maqsadida davlat tomonidan kompensatsiya ajratilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

 Deylik, karantin sharoitida mehnat ta'tiliga chiqqan xodimlarning ta'til pullarini ma'lum bir qismi davlat tomonidan subsidiya tarzida qoplanishi maqsadga muvofiq.

 Bunda ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan yagona ijtimoiy to‘lov hamda xodimdan ish haqi hisobidan ushlanib qolinadigan daromad solig‘ini bekor qilish hisobiga to‘lanadigan maoshni yoki mehnat ta'tili pulini 40-50 foiz qismi davlat tomonidan qoplanishi mumkin. Natijada bu korxonalarga o‘z xodimlarini ishdan bo‘shatish yoki o‘z hisobidan ta'tilga chiqarishga emas, balki ularni karantin davomida uyda qolishlarini ta'minlashga imkoniyat beradi», – dedi G‘aniyev.

 Uning qo‘shimcha qilishicha, bu tajriba bugungi kunda ko‘plab rivojlangan davlatlar tomonidan amaliyotga tatbiq etilmoqda.

 «Albatta bu davlat budjetidan katta mablag‘ talab qiladi, lekin aynan shu chora ijtimoiy vaziyat taranglashishining oldini olish hamda ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan juda muhim deb hisoblayman», – dedi deputat.

 Doniyor G‘aniyev jamiyatning kambag‘al qatlami uchun yordam ko‘rsatish borasida gapirar ekan, karantin sharoitida aholining ijtimoiy zaif qatlami, kunlik daromad hisobiga yashovchi fuqarolar eng ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirishini ta'kidladi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmonida aholining kambag‘al qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish va nafaqa oluvchilar sonini oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi belgilandi.

Bundan tashqari, saxovatpesha fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz tomonidan ham katta xayriya ishlari amalga oshirilmoqda. Ishonamanki, saxovatpesha xalqimizning xayrli ishlari davom etadi va bu og‘ir kunlarda hech kim yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi», – dedi deputat.

Doniyor G‘aniyev ham odamlarning bir joyda yig‘ilishi o‘ta xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sharoitda yig‘ilishlar o‘tkazilayotganini keskin qoraladi.

«Joylardagi amaldorlarning bu kabi ishlari ko‘p hollarda karantin tadbirlarining muhimligini tushunmaslik yoki beparvolikdan kelib chiqmoqda deb o‘ylayman.

Koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tashkil qilinayotgan karantin tadbirlari qaysidir ma'noda biz oqsab qelayotgan sohalar, jumladan, iqtisodiyotni raqamlashtirish, elektron hukumat, masofadan ishlash va masofaviy ta'lim kabilarni jadallashtirishga katta turtki bo‘lishi kerak», – dedi G‘aniyev.

Biz bilan suhbatlashgan deputatlar O‘zbekistonda favqulodda holat e'lon qilish uchun hali sharoit pishib yetilgani yo‘q, deb hisoblashadi.

Jumladan, Doniyor G‘aniyev hozirgacha hukumat komissiyasi vaziyatni yaxshi nazorat qilib kelayotganini ta'kidladi.

«To‘g‘ri, bozorlardagi narx-navoni nazorat qilish, shaxsiy avtomobillardan foydalanishni bekor qilib, maxsus ruxsatnoma berishni joriy qilishda bir qator kamchiliklar va noqulayliklar yuzaga keldi. Lekin bir narsani hisobga olish kerak, bunday holat O‘zbekistonda birinchi bor kuzatilmoqda», – dedi u.

Deputatga ko‘ra, O‘zbekistonda bu borada tajriba bo‘lmaganini ham inobatga olish kerak.

«Shuningdek, favqulodda holatlarni boshqarishda tajribali hisoblangan Italiya va Ispaniya hukumatlari ham vaziyatni samarali nazorat qilish, qat'iy chora-tadbirlarni tezkor ravishda joriy qilib, virus tarqalishining oldini olishda u qadar muvaffaqiyatga erisholmadi, deb hisoblayman.

Hozirga qadar belgilangan chora-tadbirlar shundoq ham jiddiy. Shunday ekan, rasmiy tarzda favqulodda vaziyat e'lon qilishga u qadar ehtiyoj yo‘q. Bu turli asossiz va keraksiz vahimani uyg‘otishi mumkin. Qolaversa, Maxsus komissiya qo‘lida umumiy holat bo‘yicha bizga ma'lum bo‘lmagan ma'lumotlar, hududlardagi vaziyat bo‘yicha kunlik axborot olib turish imkoni bor.

Agar ushbu axborotlar favqulodda vaziyat e'lon qilishni talab qiladigan bo‘lsa, bu ham so‘nggi chora sifatida qo‘llaniladi.

Umid qilaman, vaziyat bungacha yetmaydi», – deya suhbatga yakun yasadi deputat Doniyor G‘aniyev.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid