Jahon | 17:09 / 08.04.2020
40002
6 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya nima uchun koronavirusga qarshi samarali kurasha olmayapti?

 Ispaniya koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turibdi. Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi epidemiyaga qarshi yaxshi tayyorlanmaganligi ko‘rinib qoldi.

Foto: Getty Images

Ispaniyada SARS-CoV-2 koronavirusi yuqtirganlar soni 8 aprel holatiga 146 ming kishini tashkil etmoqda, 14500 dan ortiq kishi vafot etdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, klinikalar va vaqtinchalik hospitallar to‘lib-toshib ketgan va barcha bemorlarni qabul qila olmaydi. Shuning uchun faqat o‘ta og‘ir ahvoldagilargina kasalxonaga yotqizilmoqda. Tibbiyot muassasalarida o‘pkani sun'iy shamollatish apparatlari, dori-darmon, testlar, shifokorlar uchun himoya vositalari yetishmayapti.

 Ispancha ssenariy

 ABC gazetasining yozishicha, Ispaniyada koronavirusning tez tarqalishi rasmiy darajaga borib taqaladi. Yevroittifoq va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ispaniyani epidemiya boshlanishi to‘g‘risida yanvar-fevraldayoq ogohlantirgandi. Ammo o‘shanda hech qanday choralar ko‘rilmadi.

 Buning ustiga, hukumat turli ommaviy tadbirlar va futbol musobaqalari o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmadi. Aynan mana shu holat kasallikning keng quloch yoyishiga sabab bo‘ldi deb hisoblanmoqda. Ispaniya matbuotining yozishicha, yana bir sabab aholining aksariyati xatar guruhiga kirishi deb yozmoqda – Ispaniya aholisining qariyb 20 foizni yoshi 65dan oshganlar tashkil etadi.

 Mamlakatda 16 martga kelibgina favqulodda holat e'lon qilindi, bir yarim haftadan keyin esa kuchaytirildi: barcha korxona va tashkilotlar, jumladan oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari savdo markazlari yopildi. Odamlarga zaruratsiz uydan chiqish taqiqlandi. Karantinni buzganlik uchun keskin jazo choralari kiritildi - 600 ming yevrogacha jarima va hatto qamoq jazosigacha.

 Sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar

Foto: AFP

 "Koronavirus tarqalishiga qarshi chora ko‘rishga kech qolganimizning sababi sog‘liqni saqlash tizimimizda", - deydi Madrid universiteti siyosatshunoslik professori Fransisko Varela Moreno. Uning tushuntirishicha, Ispaniya tarkibidagi 17 region shu vaqtga qadar sog‘liqni saqlash sohasini o‘zlari boshqarib kelgan, xususan, tibbiy jihoz va dori-darmonlarni o‘zlari sotib olgan. 16 martda favqulodda holat e'lon qilinganidan so‘ng hukumat butun sog‘liqni saqlash tizimi boshqaruvini o‘z qo‘liga oldi.

 Ammo bu favqulodda chorani amalga oshirish, barcha ishlarni qaytadan tashkil etish oson emasligi ko‘rinib qoldi.

 "Boshboshdoqliklar va kerakli xomashyoning yetkazib berilishi asossiz kechiktirilishi holatlari tez-tez yuz berdi", - deydi Varela Moreno. Masalan, Xitoydan sotib olingan koronavirusni aniqlaydigan 650 mingta test yaroqsiz bo‘lib chiqdi – ularni ishlab chiqargan firma XXR hukumatining litsenziyasini olmasdan faoliyat ko‘rsatgan, xitoyliklardan sotib olingan niqob va himoya vositalari esa Ispaniyaga juda kech yetib keldi.

 Professor "tibbiyotning yetarlicha moliyalashtirilmagani"ni ham Ispaniyadagi muammolar sabablaridan biri deb ko‘rsatdi. Eurostat ma'lumotlariga ko‘ra, Yevroittifoq mamlakatlarida davlat sog‘liqni saqlash tizimiga YaIMning o‘rtacha 7 foizi ajratilsa, Ispaniyada bu 6 foizni tashkil etadi. Ispaniya tibbiy xodimlar soni bo‘yicha ham YeIdagi mamlakatlardan orqada. Euro Health Consumer Index ma'lumotlariga ko‘ra, Ispaniya sog‘liqni saqlash sifati bo‘yicha Yevropada 13-o‘rinda turadi.

 Ispaniya iqtisodiyotining xususiyatlari

Foto: Getty Images

 Ispaniya nima uchun himoya vositalari bilan o‘zini-o‘zi ta'minlay olmadi degan savolga Madrid iqtisodiy tadqiqotlar markazi xodimi Manuel Garsiya Serra "mamlakatda jarrohlik niqoblari ishlab chiqaruvchi atigi bittagina sex bor" deb javob berdi. Oddiy niqoblar ishlab chiqarish esa "rentabellik yuqori bo‘lishi uchun uchinchi dunyo mamlakatlariga olib chiqib ketilgan".

 Iqtisodchi keyingi o‘n yilliklar davomida Ispaniyada asosan turizm sohasi rivojlanganini eslatib o‘tdi. Shu bois mamlakatda "ishlab chiqarish, masalan o‘pkani sun'iy shamollatish apparatlari ishlab chiqara oladigan korxonalar juda kam". Ayrim dori vositalarini ham chetdan olib kelishga to‘g‘ri keladi.

Hukumat va parlament o‘rtasidagi kelishmovchiliklar

Foto: Reuters

 Koronavirusga qarshi kurashish choralari qabul qilinishining cho‘zilib ketishi koalitsion so‘l hukumat ichidagi kelishmovchiliklar bilan ham izohlanadi. ABS gazetasining yozishicha, Ispaniya hukumati bu choralarni "bir yarim oy avval qabul qilishi kerak edi".

 Koronavirusga qarshi kurash masalasida hukumat va parlament muxolifati o‘rtasida ham kelishmovchiliklar mavjud, deydi Varela Moreno. Uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat "hukumat og‘ir vaziyatda qolgan iqtisodiyotni qutqarib qolish choralarini ko‘rmaganligidan" tashvishlanmoqda.

 Karantin vaqtida deyarli barcha korxonalar ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ammo ularga ishchilarni bo‘shatish taqiqlandi va hatto soliqlar pasaytirilmadi ham. Siyosatshunosning fikricha, bu "qator sohalarning tanazzulga uchrashiga va ommaviy ishsizlikka" olib keladi.

 Iqtisodchi Garsiya Serraning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya shundoq ham qiyin holatda bo‘lgan Ispaniya iqtisodiyotini karaxt qilib qo‘ydi. Mamlakat 2008 yilgi inqirozdan o‘ziga kelmay turib, o‘tgan yili yangi muammolar bilan to‘qnash keldi. Ishlab chiqarish va investitsiyalar, soliq tushumlari pasaydi, budjet taqchilligi oshdi, davlat qarzi YaIMning 97,9 foizigacha o‘sdi. Karantin davrida esa mamlakat haftasiga YaIMning 1,6 foizigacha ulushini yo‘qotmoqda.

Mavzuga oid