O‘zbekiston | 18:43 / 10.04.2020
21324
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga Xitoydan tibbiyot uskunalarining navbatdagi partiyasi olib kelindi

10 aprel kuni O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi hamda Shanxaydagi Bosh konsulligi tomonidan shakllantirilgan beg‘araz insonparvarlik yordamining to‘rtinchi jo‘natmasi Toshkentga yetib keldi.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, insonparvarlik yordami bilan birga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xarid qilingan tibbiy uskunalar ham O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida olib kelingan.

Xitoydan olib kelingan qimmatli yuk tarkibiga funksional tibbiy krovatlar, o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalari, polimeraza zanjirli reaksiyasi qurilmalari, bolalar va kattalar uchun niqoblar bilan ta'minlangan ambuqoplar, raqamli rentgen diagnostika tizimlari, exokardiografiya va tomir doplerlari uchun kardiologiya sensori bo‘lgan ultratovush apparatlari hamda chaqaloqlar uchun o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalari kiritilgan.

Shuningdek, ular orasida bilirubinni teri orqali aniqlashga mo‘ljallangan jihozlar, jarrohlik amaliyoti uchun mo‘ljallangan lampalar, havo qabul qilish shkaflari, jarrohlik amaliyoti stollari, gidravlika bilan boshqariladigan stollar, «ANDiS 350» tahlil uskunalari va boshqa tibbiy vositalar ham bor.

«Ushbu insonparvarlik yordami O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy tadbirkorlari uyushmasi, shuningdek, «Beizhong Yiling», «Narimtex», Yanlin qishloq xo‘jaligi namoyishi hududi, «Jiu Mu Touzi», «China Construction», «Jiangsu Newamstar Packaging Machinery», «Jiangsu Penfei», «Xiamen Pegasus», «Holley Technology», «Nanjin Sinopec», «Luoyang Daxing company», «Shanghai Municipality», «Liaoning Leader Investment Holding Group Co.,Lld.», «Sany Heavy Industry Co.,Ltd» kabi kompaniya va tashkilotlar tomonidan taqdim etildi», – deyiladi xabarda.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Odil Ahmedov va  tadbirkor Gulbahor Tojimirzayevaning tibbiy buyumlar ko‘rinishidagi xayriya yuklari ham ushbu samolyotda olib kelindi.

Avvalroq «Alibaba Group» kompaniyasi va uning asoschisi Jyek Ma tuzgan jamg‘arma koronavirusga qarshi kurash doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar, shu jumladan, O‘zbekistonga ham insonparvarlik ko‘magini ko‘rsatgan edi. Himoya niqoblari va kombinezonlar, test tizimlari, pirometrlardan iborat yukning asosiy qismi 6 aprel kuni olib kelingan edi. Bugun esa jamg‘arma taqdim etgan nafas yo‘llarida ijobiy bosimni ta'minlaydigan 10ta apparat ham O‘zbekistonga yetkazildi.

«O‘zbekiston elchixonasiga Xitoyning turli hududlaridagi sheriklardan koronavirusni yengishda zarur dori-darmon, tibbiy vosita va uskunalarning kelishi davom etmoqda», – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid