12:50 / 16.04.2020
16337

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining asosiy vazifalari belgilandi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi

Foto: mahalladosh.uz

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda budjetdan tashqari “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasi tashkil etilmoqda.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Belgilanishicha, “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasi mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

Prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5938-son farmoni hamda 2020 yil 18 fevraldagi “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4602-son qarori bilan Vazirlikka yuklatilgan asosiy vazifalarni amalga oshirish;

“xavfsiz mahalla” tamoyilini to‘laqonli va samarali joriy etish, oila va mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish;

xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning bandligini ta'minlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish;

keksalar va faxriylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

aholini oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish hamda ularning tomorqa yerlaridan samarali foydalanishga ko‘maklashish;

fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika ta'minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

Vazirlikning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy himoya qilish, ularning malakasini oshirish, konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etish, Vazirlik faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish xarajatlarini moliyalashtirish.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:

Vazirlik markaziy apparati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hududiy boshqarmalari;

tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari;

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti;

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi;

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar;

“Mahalla” gazetasi, “Mahalla ko‘zgusi” jurnali, “Oila va jamiyat” gazetasi, “Saodat” jurnali, “Nuroniy” gazetasi, “Keksalar gashti” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali.

Hududiy boshqarmalar Vazirlikka, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradi. Tuman (shahar) bo‘limlari tegishli hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) hokimliklariga hisobot beradi.

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar, “Mahalla” gazetasi, “Mahalla ko‘zgusi” jurnali, “Oila va jamiyat” gazetasi, “Saodat” jurnali, “Nuroniy” gazetasi, “Keksalar gashti” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali Vazirlikka hisobot beradi.

Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

jamiyatda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish;

oila institutini mustahkamlash bo‘yicha, eng avvalo, “Sog‘lom oila - sog‘lom jamiyat” g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini yuritish, notinch va muammoli oilalarga manzilli ko‘maklashishni tashkil etish;

xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlash;

xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish;

xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish;

mahallalarda qonun ustuvorligini ta'minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida ichki ishlar organlari, boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;

yolg‘iz keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta'minlashda huquqiy, uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish, nuroniylarning bilim va boy hayotiy tajribasidan yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalalarida samarali foydalanish;

fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika ta'minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Mavzuga oid
Top