O‘zbekiston | 12:11 / 20.04.2020
4672
6 daqiqa o‘qiladi

XTTB ishtirokida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi modernizatsiya qilinadi

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasi amalga oshiriladi

Prezidentning «Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, quyidagilar:

2020 yil 20 martda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekistonga «O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasini moliyalashtirish uchun umumiy 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB)ning 181,0 mln. AQSh dollari miqdoridagi qarzi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasining ko‘lamini kengaytirish dasturining 100 mln. AQSh dollari miqdorida krediti hamda 5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU)ning 219 mln. AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilishini ma'qullangan;

Loyihaning umumiy qiymati 659,5 mln AQSh dollari ekvivalentini, shundan O‘zbekistonning ulushi — 159,5 mln AQSh dollari, shu jumladan, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash shaklidagi ulush — 124,5 mln AQSh dollari ekvivalentini va Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi — 35,0 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil etadi;

Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2020 ― 2026 yillar) tashkil etadi.

Belgilanishicha:

Loyiha O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi;

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Loyihani o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish, uni muvofiqlashtirish va boshqarish, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobotni yuritish uchun mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

Jahon bankidan olingan mablag‘lar Moliya vazirligi tomonidan qaytariladi;

kredit liniyasini boshqarish, Jahon bankining mablag‘lari o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini ta'minlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi O‘zbekistonning tijorat banklariga yuklanadi.

Agentlik Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda Loyiha doirasida beriladigan qarzni qayta moliyalashning muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini belgilagan holda, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish tartibini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri, Agentlik bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlash, shuningdek, Jahon banki hamda O‘zbekiston qonunchiligi talablari va tartib-taomillariga muvofiq zarur hisobotlar va hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishi hamda taqdim etilishini tashkil qilish yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklanadi.

O‘zbekiston moliya vaziriga O‘zbekiston nomidan quyidagilarni imzolash vakolati beriladi:

Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan qarz va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimlarni;

Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda Loyihada ishtirok etuvchi O‘zbekistonning tijorat banklari, Uzumchilikni rivojlantirish agentligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti, “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat korxonasi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan Jahon banki tomonidan ajratiladigan mablag‘larni qayta kreditlash bitimlarini.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi Loyiha O‘zbekistonning Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi.

Quyidagilar:

Loyihani amalga oshirish doirasida Jahon banki mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari), qo‘shilgan qiymat solig‘idan, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlardan;

Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar — O‘zbekiston norezidentlarining daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq turlardan ozod qilinadi.

Belgilanishicha:

mazkur bandga muvofiq taqdim etilgan imtiyozlarning amal qilishi Loyiha doirasida qayta moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ham joriy etiladi;

ushbu imtiyozlar natijasida bo‘shagan mablag‘lar O‘zbekistonning Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

Tashqi ishlar vazirligi Agentlikning buyurtmanomalari bo‘yicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid