O‘zbekiston | 18:42 / 23.04.2020
31489
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 500dan oshdi

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ham 8 nafar bemor butkul sog‘aydi va O‘zbekistonda kasallikdan tuzalganlarning jami soni 503 nafarga yetdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusdan kasallanganlarning navbatdagi guruh tuzalgani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«Yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolash jarayonida minglab tibbiyot xodimlarining matonati va fidoyiligiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bunda mamlakatimizning barcha hududlaridagi shifokorlar astoydil mehnat qilishmoqda. Ushbu sa'y-harakatlar samarasi esa kundan kunga yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. 

Jumladan, bugun ham poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 8 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Farg‘ona viloyatidan. Ulardan 1 nafari BAAning  Dubay shahridan kelgan. Qolgan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 2 nafari erkak, 6 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 13 yoshda.

Ushbu klinikada shu paytga qadar 50 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 58 nafarga yetdi. Bunda, shubhasiz, respublika  Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan fidoyi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Qayd etish kerakki, so‘nggi uch kun davomida O‘zbekistonda jami 242 kishi tuzaldi va ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar soni 503 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzuga oid