O‘zbekiston | 14:43 / 24.04.2020
5012
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tashkil etiladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlarda Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlarda Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlarda Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tashkil etiladi.

Prezidentning “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hududiy bo‘linmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari raislari etib belgilangan.

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi;

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va jamoat tashkilotlaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari o‘z faoliyatini Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hududiy bo‘linmalari boshliqlarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan nizom asosida amalga oshiradi;

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari a'zoligiga, qoida tariqasida, davlat organlari va jamoat tashkilotlarida, mahallalarda namunali xizmat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obroʻ-eʼtiborli va tashabbuskor ayollar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, namunali fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma'naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislari qabul qilinadi;

Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda oilalarni mustahkamlashga, shuningdek yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga hamda ijtimoiy faolliklarini oshirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratadi;

o‘z faoliyatida ijobiy natijalarga erishgan Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarining faol va tashabbuskor a'zolari mahalliy budjet mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Obod va xavfsiz mahalla” jamg‘armasi hamda Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib boriladi.

Belgilanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, tuman (shahar)lardagi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan javobgar hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid