O‘zbekiston | 21:49 / 25.04.2020
8336
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xalq qabulxonalari: “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”

Bugun Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan aksariyat murojaatlar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu sababli, karantin davrida Xalq qabulxonalari oldida aholi murojaatlari bilan ishlashni uzluksiz, bir me'yorda tashkil etish, dolzarb muammolarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va samarali ijrosini ta'minlash pirovard vazifa bo‘lib turibdi.

Ushbu maqsadda har bir Xalq qabulxonasi qoshida “Tezkor ishchi guruh shtablari” tuzilib, tegishli idoralar bilan hamkorlikda aholi uchun “ishonch telefonlari” tashkil etildi. Mazkur hamkorlik orqali ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli oilalar, boquvchisi bo‘lmagan oilalarga xayriya yordamlari, oziq-ovqat, tibbiy yordam, dori-darmon, elektr, suv, gaz ta'minoti kabi muhim masalalar bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarni qisqa muddatlarda hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Tezkor tibbiy muolajani talab etadigan murojaatlar ham Xalq qabulxonalarining alohida e'tiborida. Mazkur holatlar bo‘yicha sog‘liqni saqlash bo‘limlari bilan hamkorlikda fuqarolarga yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Fuqarolar sog‘lig‘i, ayniqsa, uzluksiz ravishda hayotiy zarur muolajalar olish (gemodializ, ximioterapiya va boshqa og‘ir kasalliklar), dori-darmon iste'mol qilish (diabet, endokrin va boshqa kasalliklar) bilan bog‘liq muammolar hal etilishiga alohida e'tibor qaratilyapti.

O‘tgan davr mobaynida respublikamiz bo‘ylab Xalq qabulxonalari tomonidan 45 mingga yaqin murojaatlar asosida fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar ajratish, tibbiy yordam ko‘rsatish, oziq-ovqat va tibbiy himoya vositalari bilan ta'minlash va boshqa yo‘nalishlardagi qator muhim masalalarda ko‘maktalab oilalarga yordam ko‘rsatildi.

Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ishlarni yaqqol misol sifatida keltirsak bo‘ladi. Xususan, viloyatning Farg‘ona, Yozyovon, Quva kabi qator tumanlarida Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida sektor rahbarlari, korxona-tashkilotlar vakillari hamda Mo‘minjon Yo‘ldoshev rahbarligidagi “Fergana-Oseana”, “Baxodir Log`on Tekstil” singari ko‘plab saxovatpesha homiylar hamkorligida minglab qiyin ahvolga tushib qolgan, kam ta'minlangan yurtdoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatilyapti.

Jumladan, og‘ir ahvoldagi har bir oilaga un, kartoshka, sabzi, piyoz, go‘sht, shakar, guruch va o‘simlik yog‘i yetkazib berildi. Shu kungacha 800 ta oilaga 253 million so‘m miqdorida oziq-ovqat mahsulotlari yordam tariqasida yetkazib berildi.  

Bu kabi ishlar Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan barcha hududlarda tizimli davom ettirilyapti. 

Mavzuga oid