Jahon | 01:20 / 28.04.2020
61672
18 daqiqa o‘qiladi

Yo‘qolgan rahbar. Kim Chen Inning o‘limi haqidagi ovozalar qayerdan chiqmoqda?

OAVda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inni yana bir marta «dafn etishdi»: turli nashrlar va gazetalar ma'lumotlariga ko‘ra, u tirik bo‘lsa-da, muvaffaqiyatsiz jarrohlik amaliyotidan keyin og‘ir ahvolda – komada yoki o‘sal bo‘lgan. Jurnalistlar unga o‘rinbosar ham tayyorlab qo‘yishgan – tug‘ishgan singlisi uning munosib davomchisi sifatida aytildi. Bunday xabarlar tarqalishiga sabab – u hatto milliy bayramni o‘tkazib yubordi – mahalliy matbuot ham bu haqda sukut saqladi: davlat nashrlari uning sog‘ligi yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etishga shoshilmadi.

Foto: Athit Perawongmetha / Reuters

Jahon nashrlarida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning ehtimoliy o‘limi to‘g‘risida ikki kun davom etgan shov-shuvlar dushanba tongida biroz tinchidi. «Bizning hukumat pozitsiyasi tasdiqlandi. Kim Chen In tirik va sog‘. U 13 apreldan buyon Vonsanda. Hozircha hech qanday shubhali harakatlar qayd etilmadi», dedi Janubiy Koreya prezidentining maslahatchisi Mun Chjon In.

Voqealar rivoji
So‘nggi haftalarda Shimoliy Koreya yetakchisi o‘lgani yoki komada yotgani to‘g‘risida juda ko‘p xabarlar tarqaldi. Hozircha ularning birortasi rasmiy emas: yangiliklar jurnalistikasi standartlariga ko‘ra, «anonim, ammo vaziyat haqida yaxshi xabardor manba»ga tayangan har qanday yangilik yana nimagadir asoslangan bo‘lishi kerak. Taniqli ekspert yoki amaldor o‘z shaxsi sir tutilishini so‘ragan vaziyatlar bo‘ladi, ammo ba'zida tekst mualliflari o‘z xayolotidagi manbaga asoslanib xabar tarqatishi ham mumkin.

Bu davlatdan tarqaladigan yangiliklarga ishonch kam. Lekin mish-mishlar ham turlicha bo‘ladi, KXDR bilan bog‘liq masalalarda esa ikki jihatni yodda tutish lozim. Birinchidan, mamlakat yopiqligi uni hayplar manbayiga aylantirgan, shuning uchun Shimol haqidagi har qanday yangilik yaxshi tarqaladi. Ikkinchidan, Pxenyanga qarshi tashviqot — sira ham illyuziya emas, bunda aqlga sig‘mas mish-mishlar juda muhim rol o‘ynaydi.

Yangiliklar bozoriga KXDR haqida qo‘rqinchli xabarlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan bir necha manbalar bor. Shulardan biri — Shimol haqida yozishga ixtisoslashgan Daily NK portalidir. «Kim koma holatida ekani haqida»gi aprel to‘lqini aynan shu nashrdagi yangilikdan boshlandi. Daily NK nashrini Janubiy Koreyadagi internet-agentlik deb ataydiganlar ham bor. Ammo aslida ushbu tashkilot Shimoliy Koreya va Xitoyning janubiy chegaralarida o‘z xabarchilari tarmog‘iga ega bo‘lgan konservatorlar va protestantlar tashkiloti hisoblanadi.

  • Albatta, ularning shaxsi oshkor etilmaydi, aks holda ularni oilasi bilan birga o‘ldirishadi. Dunyo navbatdagi qo‘rqinchli ma'lumotni navbatdagi anonim manbadan olishga majbur bo‘ladi.

Yana bir oddiy savol: bu yoki boshqa OAV shunday ma'lumotlarga qanday qilib ega bo‘lishi mumkin? Masalan, «KXDRdagi vorislik» masalasi juda tor doiralarga ma'lum. Ammo yapon gazetasi jurnalistlari to‘satdan Shimoliy Koreyadagi kadr o‘zgarishlari haqida xabardor bo‘lib chiqdi - Yomiuri gazetasi ushbu davlat 2019 yildan buyon hokimiyat o‘zgarishiga tayyorlanayotgani, Kim Chen In o‘rnini uning singlisi Kim Yo Chjon egallashi haqida yozdi. Lekin katta ehtimol bilan ular ayrim ma'lum faktlar asosida o‘z nazariyalarini yaratishgan va uni sirli manba bilan mustahkamlashgan.

Bu vaqtda anonim bo‘lmagan manbalar Kim vafot etgani yoki komaga tushgani haqidagi xabarlarni rad etishdi, yoki ayrimlar, xususan, Amerika razvedkasi bu masala o‘rganilayotganini ma'lum qildi. CNN agentligining shimolliklar yetakchisi uchun «o‘lim xavfi» yuzaga kelgani haqidagi xabarida bu haqda xabar bergan bitta anonim manba ma'lumotiga shubha bilan qaragan bir anonim va ikki ekspert fikrlari ham keltirilgan.

Foto: Reuters

Ikki haftalik jimlik
Mish-mishlar urchishiga davlat rahbari odatini tark qilib, 15 aprel kuni o‘z bobosi, KXDR asoschisi Kim Ir Senning tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ko‘rinish bermagani sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, bu safar pandemiya tufayli ushbu marosim katta tantanalarsiz o‘tkazildi.

An'anaga ko‘ra, bu kunda mamlakatda odatda yangi raketalar sinovi o‘tkaziladi, ammo o‘sha kuni Shimoliy Koreyadagi davlat nashrlari davlat rahbarining sinov maydonida tushgan birorta suratini tarqatmadi.

Umuman olganda, Kim Chen In 11 apreldan buyon ommaga ko‘rinish bermagan.

Darvoqe, shu vaqtda Xitoydan shifokorlar guruhi Pxenyanga uchgani haqida xabar tarqaldi, bu ham norasmiy kanallar orqali. Bu shifokorlar koronavirusga qarshi kurash doirasida kelgani taxmin qilingan bo‘lsa ham, bu Kim kasal bo‘lib qolganini inkor etolmasdi.

Natijada jahondagi nashrlar Kim Chen Inni yana bir marta «dafn qilishdi».

Yosh yo‘lboshchida avval ham sog‘liq bilan bog‘liq muammolar kuzatilgandi. Unga bag‘ishlangan «Buyuk izdosh» kitobi muallifi Anna Fifeldning yozishicha, Kim Chen Inning bo‘yi 170 santimetrdan balandroq, lekin vazni 140 kilogrammdan oshiq.

12 aprel kuni OAVda Kim Chen In mamlakat g‘arbidagi harbiy qismga borgani aytilgandi
EPA

KXDR rahbari bo‘lish — bu doimiy stress va holdan toyishdir, chunki yo‘lboshchi barcha strategik qarorlarni qabul qiladi va mamlakat bo‘ylab juda ko‘p safarlarga chiqadi. Kim ko‘p chekadi, ortiqcha vaznga ega, podagradan aziyat chekadi, qandli diabet bilan og‘riydi. Bu esa yurak-qon tomir tizimida kasallik keltirib chiqarishi tabiiy. Shu tufayli Kim navbatdagi safarlaridan birida o‘zini yomon his qilgani va shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlarda asos bo‘lishi mumkin.

  • 2014 yilda u bir yarim oy davomida g‘oyib bo‘lib qolgandi, keyin u oyog‘ini qayirib olgani ma'lum bo‘lgandi. O‘shanda ham u vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

21 aprel kunidan turli nashrlarda KXDRdagi vaziyat bo‘yicha turli talqinlar berilishi boshlandi. Ayrimlar 36 yoshli Kim Che Inning yuragi operatsiya qilinganini aytsa, boshqalar Kim qandli diabet va ortiqcha vazn tufayli muammoga duch kelgani haqida aytishdi. Amerika razvedka xizmatlari dunyodagi eng yopiq davlatlardan birining rahbarining sog‘ligi ular uchun ham qiziqligi, razvedkachilar Kimning ahvoli haqida qandaydir ma'lumot olish uchun izlanishayotganini ma'lum qilishdi.

Kim Chen In g‘oyib bo‘lgani haqida ilk marta yozgan Daily NK nashri xabarida yosh rahnamoning yuragida jiddiy jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani va operatsiyadan keyin u komaga tushgani, shifokorlar uning hayoti uchun kurashayotgani haqida aytildi.

Kimning yo‘qligi bo‘yicha asosiy savollar u mamlakatdagi asosiy bayramlardan biri - 15 aprel kuni nishonlanadigan Quyosh kunida, mamlakat asoschisi Kim Ir Senga bag‘ishlangan kunda ishtirok etmagani tufayli paydo bo‘ldi. Bu kunda amaldagi davlat rahbari otasi va bobosi kabi french kiygan holda omma ko‘z o‘ngida paydo bo‘lardi.

Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen tug‘ilganining 108 yilligi marosimi
Foto: KCNA / Reuters

«Kim Chen In 15 aprel kuni Kamsusan saroyiga kelmadi, Shimoliy Koreyada bu haqorat o‘laroq qabul qilinadi», - deydi New York Times nashriga Janubiy Koreyadagi Seyjong instituti eksperti Chen Sen-chang.

Bundan biroz avvalroq Shimoliy Koreya bir necha raketa uchirgan, ular AQSh va NATO kuzatuv vositalari orqali qayd etilgandi. Ammo Kim Chen In bu sinovlarni shaxsan kuzatgani tasvirlangan suratlar tarqatilmadi. Odatda rasmiy agentliklar sinovlardan keyingi kunlarda bunday suratlarni e'lon qilishardi.

O‘tgan hafta boshida prezident Donald Tramp ma'muriyatda shimoliy koreyaliklar rahbari sog‘ligi haqida hech qanday ma'lumot yo‘qligini bildirdi.

«Men u bilan barchasi joyida ekaniga umid qilaman. Men Kim Chen In bilan juda yaxshi munosabatdaman. Men uning ahvoli yaxshi ekaniga ishonishni istayman. Biz u haqdagi xabarlar qanchalik to‘g‘riligini bilmaymiz. Hech kim buni tasdiqlamadi. CNN bu kabi xabarlar bilan chiqsa, men ularga unchalik ishonmayman», dedi Oq uy rahbari jurnalistlarning savollariga javoban.

25 aprel kuni kechasi Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida Hongkongning HKSTV televideniyesi direktori o‘rinbosari nomidan Kim Chen In vafot etgani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Yaponiyadagi «Syukan Genday» haftanomasi esa Shimoliy Koreya rahbari yaqinda yuragini operatsiya qildirgani va ayni vaqtda reabilitatsiya kursini o‘tayotgani haqida yozdi.

Maqola muallifi so‘zlariga ko‘ra, KXDR rahbarining mamlakat bo‘ylab navbatdagi safarida u to‘satdan yuragini hovuchlab qolib, yiqilgan. Keyin tibbiy yordam ko‘rsatish uchun uni yaqin oradagi kasalxonaga olib borishgan. Ko‘p o‘tmay uni operatsiya uchun Pxenyanga olib kelishgan. Shu bilan birga, Pekinga malakali shifokorlar guruhini yuborish so‘rovi jo‘natilgan. Shundan so‘ng, Xitoy hukumati Pxenyanga Kommunistik partiyaning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri hamrohligida shifokorlar guruhini yuborgan.

Shimoliy Koreyadagi nashrlar jahondagi nashrlarda tarqalgan shov-shuvli xabarlarni inkor etishdi. Ular davlat rahbari nomidan iqtisodiy ahvol va boshqa muammolar to‘g‘risida bayonotlar e'lon qilishda davom etishdi, lekin bu bayonotlar odatdagidan kechikib berildi.

Hongkongdagi va Janubiy Koreyadagi nashrlar Kim Chen In yuragida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin «vegetativ holat»ga tushib qolganini yozishdi. Bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagan, xuddi u hozirda Vonsan shahridagi hukumat qarorgohlaridan birida bo‘lib turgani to‘g‘risidagi ma'lumot kabi.

Amaliyotsiz nazariya
Tabiiyki, bunday vaziyatda Kim Chen Inning vorisi kim bo‘lishi haqida turli taxminlar paydo bo‘ladi. Seuldagi Asan siyosiy tadqiqotlar instituti eksperti Ko Myon Xyunning Foreign Policy nashriga ma'lum qilishicha, yozilmagan qonunlarga ko‘ra, mamlakatni faqat Kimlar sulolasi vakili boshqarishi mumkin. 

Kim Yo Chjon Kim Chen Inga harbiylardan xoli hudud tashkil etish haqidagi hujjatni imzolash jarayonida yordam bermoqda
Foto: Reuters

Unga ehtimoliy vorislar qatorida birinchi bo‘lib singlisi Kim Yo Chjon nomi keladi. U akasidan uch yoki to‘rt yosh kichik deb hisoblanadi va ayni vaqtda Koreya Mehnat partiyasi Siyosiy byurosidagi eng yosh nomzoddir. U partiya markaziy qo‘mitasi direktori o‘rinbosari va mamlakatdagi ikkinchi shaxs hisoblanadi. 

O‘z vaqtida Shveytsariyada akasi bilan birga o‘qigan singil hozirda mamlakat bo‘ylab safarlarda ham akasiga hamrohlik qiladi. U bilan muloqot qilgan ekspertlar va diplomatlarga ko‘ra, u o‘zi haqida aqlli, jangovar va qat'iyatli ayol sifatida taassurot qoldirgan. U tashqi dunyodagi tashviqot masalalari uchun mas'ul hisoblanadi, 2020 yildan jahon nashrlarida u rasmiy bayonotlari bilan chiqa boshladi. Unutmaslik kerakki, aynan u 2018 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Qishki Olimpiya o‘yinlari chog‘ida Shimoliy Koreya delegatsiyasiga boshchilik qilgan va prezident Mun Je In bilan uchrashgan. Aynan o‘sha safardan ikki Koreya munosabatlarida «olimpiya iliqligi» boshlangan. Keyinroq u 2018 va 2019 yillarda KXDR-AQSh sammitlarida akasiga hamrohlik qildi.

Albatta, u hozircha rasmiy voris emas, unda maxsus titullar ham yo‘q. Aynan shu tufayli yapon nashrlarining uni akasiga o‘rinbosar sifatida tayyorlashayotgani to‘g‘risidagi xabarlari shubhali. Ha, u karerasida yuqorilamoqda, ammo uning vazifasi millat yetakchisining o‘rnini bosish emas, unga ko‘makchi bo‘lishdir.

Kim Chen Inning yana bir akasi Chon Chxol bor. U 1981 yilda tug‘ilgani va 2009 yilgacha otasining vorisi sifatida ko‘rilgani aytiladi. U ham oilaning boshqa farzandlari qatori Shveytsariyada o‘qigan, Kim Chen In harbiy sohani tanlagan bo‘lsa, Chon Chxol partiya tizimida faoliyat olib borgan va 2007 yilda partiya markaziy qo‘mitasida tashkiliy bo‘lim rahbari lavozimiga tayinlangan. Ammo 2009 yilda o‘z ukasi foydasiga pozitsiyasini bo‘shatib bergan. 2011 yilda Kim Chen Ir vafot etib, kenja o‘g‘il davlatning yangi rahbariga aylangach, o‘rtancha o‘g‘il «radarlardan yo‘qolgan». U siyosiy kontekstda so‘nggi marta Xitoy sariq matbuotida 2013 yilda eslangan — o‘sha xabarda davlatga xiyonatda ayblangan yuqori martabali amaldorlardan biri, Kim Chen Inning amakisi Chan Son Txekni aynan boshqa bir jiyani Chon Chxol hibsga olgani (go‘yoki boshqalar buni qilishga jazm etmagan) aytilgandi.

Sulolalar an'anasiga ko‘ra akalar ukalariga bo‘ysunishi kamdan kam kuzatiladi. Ammo turli xabarlarda Chon Chxol musiqani tanlagani, o‘zi ham gitarani professional darajada chalishi, u bir marta Erik Kleptonning konsertini tomosha qilish uchun maxfiy ravishda Londonga borgani aytiladi. Bu haqdagi ma'lumotlar KXDRning Angliyadagi sobiq elchisi, keyinroq janubga qochib o‘tgan Txe Yon Xoning memuarlarida ham aks etgan. Ammo bu o‘rinda Bashar Asadni eslash mumkin: mamlakat rahbarligiga tayyorlangan akasining o‘limidan so‘ng bo‘lajak shifokor-oftalmolog bo‘lgan kichik o‘g‘il kasbini o‘zgartirgandi. Shu tufayli Chon Chxolni ham davlat rahbarligiga nomzod sifatida qarash mumkin.

Kimlar sulolasidan Kim Pxyon Ir ham bor. U Kim Chen Irning ukasi, ammo Kim Ir Senning ikkinchi rafiqasidan tug‘ilgan. U ko‘p vaqtini (1979-2019 yillar) Sharqiy Yevropa davlatlarida elchi sifatida o‘tkazgan, ammo yaqinda vataniga qaytgan.

Shimoliy Koreya ayol-yetakchiga tayyormi? Rossiyalik taniqli koreysshunos Konstantin Asmolov «Lenta.ru» nashri uchun yozgan maqolasida fikr bildirishicha, ha: inqilobdan keyingi zamonaviy KXDR tarixida nafaqat uch yetakchi nomi, balki Kim Ir Senning birinchi rafiqasi, Kim Chen Irning onasi Kim Chen Suk nomi ham keltiriladi. Garchi u yuqori lavozimlarni egallamagan bo‘lsada, uni Kim Ir Senning partizanlik harakatidagi yo‘ldoshi sifatida bilishadi va u Koreya onasi sifatida gavdalanadi.

Tahlilchilar ham Shimoliy Koreya — shovinistik mamlakat ekanini nazarda tutgan holda hali ayol rahbarga tayyor emasligi, shu tufayli Kim Yo Chjon hukumatni o‘z qo‘lida tutib turishi qiyin bo‘lishini aytishgan. Shu bilan birga, munosib erkak rahbar topilmaguncha o‘tish davridagi barcha qarorlarni aynan u qabul qilishi mumkin. 

Prognozlar
Shimoldagi avvalgi hokimiyat almashishlari vaqtida KXDR endi tamom bo‘lishi va ko‘pi bilan 2-3 yilda mustabid tuzum qulashi, Janub Shimolni xaritadan o‘chirishini taxmin qilishardi. Kim Chen Irni boshida o‘yinchoq prezident deb hisoblashgan, ammo u davlatni 1994 yildan 2011 yilgacha boshqardi va mamlakatni vayronadan olib chiqib, raketa-yadroviy dasturga asos soldi.

Kim Chen Inni ham juda yosh deb hisoblashgan va eski bo‘rilar uni ezib tashlashlariga ishonch bildirishgandi. Ammo Kim Chen Ir vafot etganidan bir yil o‘tib uning tobutini ko‘targan sakkiz kishidan faqat bir kishi - uning kichik o‘g‘li hokimiyat tepasida qoldi. Uning boshqaruvi davrida mamlakat «oshkoraliksiz islohotlar» kursini tanladi, Pxenyanga yangicha qiyofa berildi, mamlakat — raketa-yadroviy qalqonga aylantirildi.

Foto: Danish Siddiqui / Reuters

Ikkinchidan, KXDRning yangi rahbarlari o‘z o‘tmishdoshini tantanali lavozimda qoldirib, tizimni qayta formatlagan. Natijada KXDRda «abadiy prezident» va Koreya Mehnat partiyasining «abadiy bosh kotibi» lavozimlari mavjud. Keyingi rahbar ham shunday yo‘l tutishi ehtimoli yuqori.

Tashqi siyosatda yoki iqtisodiyotda keskin o‘zgarishlar kutishga o‘rin yo‘q. Shimoliy koreyaliklarning yo‘nalishi tashqi faktorlarga bog‘liq, geosiyosatda radikal o‘zgarishlar bo‘lmasa mamlakat ichida biror narsa o‘zgarishi dargumon. Shu bilan birga, Janubiy Koreya Konstitutsiyasi butun yarimorol uchun ishlab chiqilgani, Koreya Respublikasi milliy xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunda KXDR davlatga qarshi tashkilot sifatida tasniflanganini unutmaslik kerak. Sodda qilib aytganda, Seul Pxenyanga Kiyev xuddi Donetsk yoki Luganskka qanday qarasa, shunday qaraydi.

Ammo KXDR bo‘yicha uzoq muddatli taxminlar qilish befoyda. 5-10 yillar oldin keng tarqalgan shu kabi prognozlarga ko‘ra, 2020 yilga kelib Koreya birlashgan bo‘lishi kerak edi. Qolaversa, hali aksi tasdiqlanmaguncha Kim Chen In tirik va davlatni boshqara oladi, deb hisoblanadi.

Mavzuga oid