Jahon | 08:26 / 29.04.2020
9170
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada benzovoz bilan amalga oshirilgan teraktda 40 kishi halok bo‘ldi

Suriyaning Afrin shahrida portlovchi modda bilan to‘ldirilgan benzovozning portlatilishi oqibatida tinch aholi orasidan 40 kishi halok bo‘ldi.

Foto: IHA Photo

Bu haqda Turkiya mudofaa vazirligi xabar berdi.

Qurbonlar orasida 11 bola ham bor. Yana 47 kishi jarohat olgan.

Suriyaning SANA axborot agentligining xabar berishicha, portlash oqibatida turk harbiylari ham halok bo‘lgan, biroq ularning soni ma'lum qilinmagan. Shuningdek, turk harbiylari orasida yaralanganlar bor. Portlash shahar markazidagi bozor yaqinida sodir etilgan va katta talafotlarga olib kelgan.

Turkiya mudofaa vazirligi teraktda kurd qurollangan tuzilmalarini ayblagan.

Portlashdan keyin AQSh davlat departamenti Afrinda vaziyatning deeskalatsiyasiga chaqirgan. Jumladan, AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ushbu portlashni “Afrindagi beayb qurbonlarga qarshi sodir etilgan qo‘rqoqona terakt” deb atagan. “Bunday yovuzliklarga ixtilofning biror tomonidan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deyilgan xabarda. 

Afrin Suriya shimolida joylashgan bo‘lib, turk qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda. Turkiya shahar ustidan nazoratni 2018 yilda “Zaytun shoxi” amaliyoti davomida o‘rnatgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid