Jahon | 07:27 / 30.04.2020
13217
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyadagi yong‘inda 38 kishi halok bo‘ldi 

Janubiy Koreyaning Ichxon shahrida qurilish maydonchasidagi omborda yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 38 kishi halok bo‘ldi.

Foto: REUTERS

Bu haqda mamlakat o‘t o‘chirish xizmatida ma'lum qilindi.

Shuningdek, 10 kishi jarohat olgan. Ulardan 8 nafarining ahvoli og‘ir deya baholanmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in 4 qavatli binoda kunduzi boshlanib, uni faqatgina kechga yaqin o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan.  

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in omborda soat 13:30 atrofida boshlangan. O‘sha vaqtda omborda 78 ishchi bo‘lgan. Ulardan ba'zilarining qayerdaligi hozircha noma'lumligicha qolmoqda. Hukumat qurbonlar va jarohatlanganlar soni oshishi mumkinligini aytmoqda. 

Guvohlarning ta'kidlashicha, bir nechta portlash ovozlari eshitilgan.

Yong‘inga omborning yer osti qavatlaridan birida qurilish ishlari olib borilayotganda gaz portlashi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. So‘ngra olov butun binoga tarqab ketgan. O‘t o‘chirish xizmatida ta'kidlanishicha, qurbonlarning ko‘pligi odamlar portlashdan keyin evakuatsiyaga ko‘p vaqt yo‘qotganlari va tutun tarqalishi boshlangani bilan bog‘langan. 

“Olov, ko‘rinishicha, juda tez yoyilgan va qurbonlar evakuatsiya qilisha olmagan”, deyilgan o‘t o‘chirish xizmatida.

Prezident Mun Chje In va bosh vazir Chon Se Gyun tegishli idoralarga odamlarni qutqarish uchun barcha kuchni safarbar qilishni buyurgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid