Jamiyat | 18:17 / 30.04.2020
42843
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda karantinda bo‘lib qaytgan ayol Chirchiqda qotillik qurboniga aylandi

26 aprel kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrining 3-kichik tumanida yashagan ayol K.M. o‘z uyida jonsiz holda topildi. Uning murdasi uyning yuvinish xonasida tashqi ko‘rinishidan yengil tan jarohatlari bilan topilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida 1994 yilda tug‘ilgan K.M. shu yilning 25 mart kuni Qozog‘istondan qaytib kelgani va 14 kun mobaynida Samarqand viloyatida karantinga olingani ma'lum bo‘lgan. Shu sababli, u Covid-19 infeksiyasidan vafot etgani gumon qilinib, shahar DSEOM xodimlari tomonidan namunalar olingan. Tekshiruvlar natijasida K.M.da Covid-19 infeksiyasi aniqlanmagan. Shundan so‘ng, 28 aprel kuni uning o‘limi yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. 

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki ma'lumotnomasiga ko‘ra, K.M.ning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya ensa sohasi yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi, bosh ensa va yon sohalari teri osti qon quyilishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, surishtiruv ishlari natijasida 23 aprel kuni soat 23:00 larda K.M.ning xonadoniga tanishi R.X. (1998 y.t., sudlangan) kelib, ular birga spirtli ichimliklar ichgan, o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida R.X. K.M.ning bo‘yin sohasini bo‘g‘ib, bosh qismini yerga urib, tan jarohati yetkazgani, oqibatda K.M vafot etgani, R.X. uning murdasini yuvinish xonasiga olib kirib vannaga solgani, lekin u o‘ziga kelmagani sababli uning uyidan SamsungJ7 rusumli telefonini olib, voqea joyidan yashiringani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 29 aprel kuni shahar prokuraturasi tomonidan R.X.ga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda R.X ushlangan.

Mavzuga oid