Jahon | 22:18 / 02.05.2020
7392
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyada koronavirus yuqtirish koeffitsiyenti pastligicha qolmoqda

Shvetsiya maktab va bog‘chalarni yopmaganiga qaramasdan, mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari nisbatan yuqori emas.

Foto: AFP

Shvetsiyada koronavirus yuqtirish holatlari koeffitsiyenti bir necha kundan buyon pasaymoqda. Mamlakat bosh epidemiologi Anders Tegnell SVT telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, ushbu ko‘rsatkich 21 apreldan buyon 1dan yuqorilagani yo‘q.

Agarda ushbu koeffitsiyent 1,0dan past bo‘lsa, bu bitta virus tashuvchi o‘rtacha bir nafardan kam odamga kasallik yuqtirishini anglatadi.  

Shvetsiya koronavirusga qarshi kurashda g‘ayrioddiy yo‘l tanladi. Boshqa mamlakatlardan farqli ravishda, qirollik o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish va maktab-bog‘chalarni yopishdan voz kechdi. Shu bilan birga, yuqori sinf o‘quvchilari va talabalar o‘qishni masofadan davom ettirdi.

Shvetsiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda kasallik yuqtirish koeffitsiyenti aprel boshlarida 1,4ga teng bo‘lgan. 10 apreldan 20 aprelgacha ushbu ko‘rsatkich 1,0 darajasida saqlanib turgan, 21 apreldan esa pasaya boshlagan. Hozirda ko‘rsatkich 0,85ni tashkil etmoqda.

Jons Xopkins universitetining ma'lumot berishicha, Shvetsiyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 22 082ta holat qayd etilgan, 2669 kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid