O‘zbekiston | 13:45 / 04.05.2020
32900
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati koronavirusdan xoli hududga aylandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Farg‘ona va Navoiyda navbatdagi bemorlar koronavirusdan butkul sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Farg‘ona viloyatida 8 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzalib chiqqan. Sog‘ayganlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 4 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Hududlar kesimida olinsa, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahridan 2 nafardan, Andijon, Namangan, Samarqand va Buxoro viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 61 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 40 yosh.

Viloyatda shu paytga qadar 76 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 84 nafarga yetdi.

Bugun Navoiy viloyati ham koronavirus infeksiyasidan xoli hududga aylandi. Bugun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan so‘nggi bemor butkul sog‘aydi. U viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatiladi. 

Sog‘aygan bemor ayol 45 yoshda bo‘lib, Toshkent shahridan. Koronavirusga chalingan bemor bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.

«Endilikda Navoiy viloyati ham barcha bemorlar butunlay sog‘ayib, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari qatori koronavirusdan xoli uchinchi hududga aylandi. Ushbu muvaffaqiyatda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlarning jami soni 1328 nafarga yetdi.

Mavzuga oid