O‘zbekiston | 09:19 / 06.05.2020
2180
3 daqiqa o‘qiladi

Badiiy akademiya huzurida oliy rassomlik kursi tashkil etiladi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida Rassomlik mahorat ustaxonasi faoliyati tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimida tayyorgarlik bosqichi sifatida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) tashkil etiladi.

Quyidagilar Rassomlik mahorat ustaxonasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

tasviriy san'at asarlarining yuksak sifatini ta'minlash, tasviriy san'at ijodkorlarining salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish;

“ustoz-shogird” va badiiy ta'lim an'analarini saqlagan holda o‘qitishning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga ijodiy ustaxonalar faoliyatini tatbiq etish;

tasviriy san'at yo‘nalishlarida (dastgohli, grafika, mahobatli, miniatyura, haykaltaroshlik) faoliyat olib borayotgan iste'dodli ijodkorlarni saralab olish, ularning estetik saviyasi va mahoratini yuksaltirish;

san'at asarlarida milliy va umuminsoniy an'analarning yuksak darajada ifoda etilishiga erishish;

chet ellardagi ko‘rgazma va muzeylarda saqlanayotgan noyob asarlar bilan yaqindan tanishish, nusxa ko‘chirish hamda tajriba almashish maqsadida xorijiy mamlakatlarga oliy rassomlik kursi yosh ijodkorlarining ijodiy safarlarini tashkil etish;

yurtimiz muzeylari fondlarini yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy san'at asarlari bilan muntazam boyitib borishga ko‘maklashish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Rassomlik mahorat ustaxonasi faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi;

yosh ijodkorlar Rassomlik mahorat ustaxonasiga stajyor-tadqiqotchilar uchun belgilangan tartib asosida jalb qilinadi;

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Rassomlik mahorat ustaxonasiga oliy ma'lumot darajasiga ega bo‘lgan, tasviriy san'at sohalarida o‘z ijodiy qobiliyatini namoyon etgan ijodkorlar tanlov asosida qabul qilinadi;

Rassomlik mahorat ustaxonasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Rassomlik mahorat ustaxonasi faoliyati O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tegishli boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi;

Rassomlik mahorat ustaxonasini saqlash xarajatlari 2022 yildan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid