O‘zbekiston | 07:58 / 09.05.2020
9025
6 daqiqa o‘qiladi

«Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritiladi

“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish ochiq hamda oshkora amalga oshiriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi tashkil etilayotganda hamda o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida fuqarolar voqif etiladi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar haqida, ovoz berish yakunlari to‘g‘risida xabardor qilinadi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda nodavlat notijorat tashkilotlaridan, ommaviy axborot vositalaridan, shuningdek fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chalar va ko‘p kvartirali uylar aholisi vakillaridan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

Kuzatuvchilar o‘z faoliyatini fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman (shahar) komissiyalari tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi.

Manfaatdor tashkilotlar hamda tegishli fuqarolar yig‘inlari hududidagi ko‘chaboshi va uyboshilar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman (shahar) komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan ma'lum qiladi. Bunda ko‘chaboshi va uyboshilarning kuzatuvchilari to‘g‘risidagi hujjatlar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh (bundan buyon matnda ishchi guruh deb yuritiladi) tomonidan umumlashtirilgan holda taqdim etiladi.

Manfaatdor tashkilotlar hamda tegishli fuqarolar yig‘inlari hududidagi ko‘chaboshi va uyboshilardan ariza olinganidan keyin besh kun ichida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman (shahar) komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi.

Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

ishchi guruhlarning majlislarida hozir bo‘lish;

saylov o‘tkaziladigan joyda hozir bo‘lish hamda tayyorgarlik ishlarining borishini, ovoz berish uchun saylov qutilarining joylashtirilishi va muhrlanishini, ovoz beruvchilarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish;

ovozlar sanab chiqilayotganda va sanoq komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda, fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) qaror qabul qilayotganda hozir bo‘lish;

saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning nusxalarini ishchi guruhdan so‘rash va ularni olish;

basharti saylov jarayonlarida ushbu Qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalarga ma'lum qilish.

Kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:

ovoz beruvchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;

ovoz beruvchilarga ta'sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;

ovoz beruvchilardan ularning kimni yoqlab ovoz berganliklarini surishtirish yoki ovoz beruvchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

ishchi guruh va sanoq komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashda, ularni ochishda, ovozlarni sanab chiqishda aralashish.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar to‘g‘risidagi axborot Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining rasmiy veb-saytlariga saylov o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtiriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish jarayoni ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib boriladi.

Bildirilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, tumanlar va shaharlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari komissiyalarning ishchi organlaridir.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) qarori bilan 7-11 nafar a'zodan iborat tarkibda ishchi guruh tuziladi. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) navbatdagi saylovi e'lon qilinganidan keyin ishchi guruh o‘z faoliyatini tugatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid