O‘zbekiston | 21:17 / 11.05.2020
41225
3 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarning noqonuniy qarorlari ko‘paymoqda. Senat hukumatdan izoh so‘raydi

Hokimlar tomonidan qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuboriladi. Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi shu haqda qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilda ma'muriy sudlar tomonidan mahalliy hokimliklar qarorlarini haqiqiy emas deb topishga doir jami 2992ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 1255 tasi (42 foizi) qanoatlantirilgan.

2020 yilning yanvar-fevral oylarida esa 552ta ish ko‘rilgan va ularning 248tasi (45 foizi) qanoatlantirilgan.

«Bundan ko‘rinadiki, murojaatlar soni 10 foizga, hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish 3 foizga ko‘paygan. Bu borada fuqarolar norozi bo‘lib murojaat qilish soni va hokimlarning qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilishi holatlari ko‘payib borgan», dedi Shuhrat Cho‘lliyev.

Shuhrat Cho‘lliyev
Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, tuman va shahar hokimlari vakolatga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda bino-inshootlarni balansga olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilgan. Shuningdek, yer uchastkasini ajratish vakolati ularga berilmagan normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda ajratilayotgan yer maydonini to‘laqonli o‘rganilishini ta'minlamasdan yer ajratish yuzasidan qarorlar chiqarilgan.

Ta'kidlanishicha, yer uchastkalari qonunga zid ravishda olib qo‘yilgani munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilgani uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik masalalari qonunchilikda qat'iy belgilanmagan.

«Eng muhimi, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan o‘z vaqtida munosib e'tibor berilmagan.

Mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning 6 oylik muddatiga rioya qilmaslik, mulkchilik obekti uchun kompensatsiya mablag‘larini to‘lamay yoki qiymati bo‘yicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan», – deya qayd etildi Senat yalpi majlisida.

Foto: Oliy Majlis Senati Axborot xizmati

Senat raisi Tanzila Norboyeva hokimlarning qonun hujjatlariga zid harakatlari yuzasidan mahalliy kengash deputatlari nazorat olib borishi shartligini ta'kidladi.

«Hokimlarning vakolat doirasi, qonunlarga rioya qilishini qonunchilikda aniq aks ettirish zarur. Ularning qonunga rioya qilishini nazorat qilishda mahalliy kengashlar alohida o‘rin tutadi. Joylardagi senatorlar hokimiyat qarori noqonuniy bo‘lsa, to‘g‘rilashi, qaytarib yuborishi, bu haqida hokimiyat rahbariga aytish kerak.

Buni Senat yoki boshqa davlat idorasi emas, sizlar qilishingiz kerak», dedi Norboyeva mahalliy kengash vakillariga qarata.

Mavzuga oid