O‘zbekiston | 11:13 / 12.05.2020
9358
5 daqiqa o‘qiladi

Qaysi hududlarda ichimlik suvi tanqisligi kuzatilmoqda?

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 85 foiz, Toshkent viloyatida 75, Xorazm viloyatida 61,9, Qashqadaryo viloyatida esa 54,2 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi, aholining qolgan qismi esa alternativ ichimlik suvi manbalari bilan ta'minlangan. Bu ko‘rsatkichlar tumanlar kesimida tahlil qilinganda eng past natijalarni Qashqadaryo viloyatining ayrim tumanlari, xususan, G‘uzor - 2,1 foiz va Dehqonobod - 2,0 foizni tashkil etmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan davlat rahbarining 2018 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi holatini Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda to‘xtalib o‘tildi. 

Ma'muriy hududlar bo‘yicha 2019 yilda Davlat budjeti doirasida markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari hisobidan amalga oshiriladigan suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishning manzilli dasturlari tasdiqlangan. Unga asosan o‘tgan yilda Toshkent viloyatida 25 ta, Farg‘ona viloyatida 23 ta, Qashqadaryo viloyatida 40 ta, Xorazm viloyatida esa 8 ta ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni ro‘yobga chiqarish borasida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan.

O‘rganilgan har to‘rtala viloyatlarda tasdiqlangan tarmoq jadvallaridagi loyihalarni amalga oshirishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Xususan, moliyalashtirishdagi muammolar tufayli Toshkent viloyatida belgilangan loyihalarning 17 tasi, Farg‘ona viloyatida 20 tasi hamda Qashqadaryo viloyatida 14 tasi to‘liq yakunlanmagan va shu sababli yildan yilga o‘tuvchi loyihalar turkumiga o‘tkazilgan.

Ishchi guruhi tomonidan Chirchiq shahrida o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, suv quvuri o‘tkazish jarayonida pudratchilar tomonidan tabiiy ravishda yo‘l infratuzilmasiga zarar yetkazilgan. Pudratchiga yo‘l ta'miri uchun mablag‘ ajratilmaganligi sababli yo‘llar yaroqsiz holga kelib qolmoqda. Deputatlarning qayd etishicha, bu aholining e'tiroziga sabab bo‘lyapti. 

Har to‘rtala hududning ayrim tumanlarida, ayniqsa, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining ko‘plab aholi punktlariga yer osti ichimlik suvi manbasi yo‘qligi sababli aholiga ichimlik suvi tashib berish yo‘li bilan yetkaziladi. Ichimlik suvi tashuvchi transport vositalarining aksariyat qismi sanitariya talablariga javob bermaydi. Aholi ichimlik suvini sanitariya talablariga zid ravishda oylab davomida maxsus idishlarda yoki hovuzlarda saqlaydi. Bu esa aholi salomatligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Yig‘ilishda o‘rganilgan viloyatlardagi tizimli kamchiliklarga ham e'tibor qaratildi. Xususan, ichimlik suvi iste'molini hisobga olish asboblari, shuningdek, suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimi obektlariga oid zarur barcha axborotni “onlayn” rejimida kiritish, saqlash, muntazam yangilash hamda monitoring qilishni ta'minlaydigan yagona tizimning yo‘qligi suvni isrof qilish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar oshib ketayotganiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishda har ikkalasining bir vaqtda bajarilmasligi, ayniqsa, ko‘p qavatli yangi uylarda suv ta'minoti bo‘lsa-da, kanalizatsiya tizimi yo‘qligi va aksincha holatlar uchrashi kuzatilmoqda. Mazkur hududlarning yer osti ichimlik suvi shakllanadigan tumanlarida kanalizatsiya tarmog‘i nochor holda ekanligi mavjud yer osti suv zaxiralarining ifloslanishiga olib kelmoqda. Bu borada qarorda belgilangan ayrim kanalizatsiya obektlari loyihalarining, jumladan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Qibray, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Uchko‘prik, Beshariq tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Shahrisabz, Kitob tumanlarida kechiktirilishi ushbu xavfni yanada kuchaytiryapti.

O‘rganishlarda har to‘rtala viloyatdagi aksariyat aholiga suv tayyorlash va uzatish punktlarida suvni zararlantirish uskunalari mavjud emasligi aniqlangan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar tahlili mavjud ichimlik suvi ob'yetlarida suv sifati sanitariya talablariga javob bermasligini ko‘rsatmoqda.

Yakunda qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid