O‘zbekiston | 10:46 / 14.05.2020
25078
2 daqiqa o‘qiladi

Boysun va Oltinsoyda ham sel kuzatildi

Sel oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma'lumot kelib tushmagan.

Foto: FVV matbuot xizmati

2020 yil 13 may kuni soat 21:00da kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani hududidan oqib o‘tuvchi «Oltinsoy» soyining suv hajmi sezilarli darajada oshgan. 

Mazkur holat natijasida suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligi sababli viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT) kuch va vositalari yordamida ushbu hududda istiqomat qilayotgan 900 nafar fuqaro xavfsiz (yaqin qarindoshlari uylari) hududga vaqtincha ko‘chirildi.

FVV xabariga ko‘ra, shu kuni Boysun tumanidagi «Pasurxi» mahallasiga Boysun tog‘ tizmasiga surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida «Oybarak» soyi orqali sel kelgan.

Shuningdek, tumanning «Hunarmandlar» mahallasidan oqib o‘tuvchi «Avlod» soyi orqali sel kelishi oqibatida «Avlod» hamda «Sariosiyo» qishloqlarini bog‘lab turuvchi ko‘prikni suv bosganligi tufayli avtomobillarning harakatlanishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Vaziyat viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Ayni damda boshqarma qutqaruvchilari hamda FVDTning 150 dan ortiq xodimi, shuningdek, 20 ga yaqin texnika yordamida sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Sel oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma'lumot kelib tushmagan.

Mavzuga oid