Jahon | 20:43 / 14.05.2020
10220
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus pandemiyasi mehmonxona biznesiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

Hilton tarmog‘i birinchi chorakda 1,9 mlrd dollar daromad ko‘rganini, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga kam ekanligini ma'lum qildi. Kompaniyaning sof daromadi 158 mln dollardan 18 mln dollarga tushib qolgan.

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global karantin mehmonxona biznesiga qaqshatqich zarba berdi. AQShdagi mehmonxonalarning har o‘nta xonasidan yettitasi bo‘m-bo‘sh turibdi, soha 4 mln ish o‘rni va 21 mlrd dollar daromaddan ayrildi.

«Xodimlarning yarmidan ko‘pini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldim va yaqin orada yanada ko‘proq xodimlarni yo‘qotaman, — deydi Los-anjyeleslik oteler Marko Sherer. — Gap shundaki, barcha nuqtalarni yopishimizga to‘g‘ri kelyapti — hozirda mijozlarning mehmonxonada qolishlari uchun sabab yo‘q».

Mamlakatning narigi burchagi — Virjiniya shtatidagi Stonton shahridagilar ham shu fikrda. Mahalliy oteler Lina Patel o‘ziga tegishli ikki mehmonxonada mijozlar soni va daromad kamayayotgani, ish o‘rinlari qisqarayotganini kuzatayotganini aytdi.

Hilton bosh direktori Kristofer Nassettaning so‘zlariga ko‘ra, tiklanishga ancha vaqt ketadi.

«To‘liq tiklanish ancha vaqtni oladi. Mehmonxonalarga 2019 yildagi talab darajasiga qaytish uchun bir necha yil kerak bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Forbes Global 2000 reytingida 795-o‘rinda turuvchi Hilton tarmog‘i birinchi chorakda 1,9 mlrd dollar daromad ko‘rganini, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga kam ekanligini ma'lum qildi. Kompaniyaning sof daromadi 158 mln dollardan 18 mln dollarga tushib qolgan.

«COVID-19 bizning sohamiz ilgari hech qachon duch kelmagan muammolarni keltirib chiqardi», — dedi Nassetta.

Boshqa yirik tarmoqlar, jumladan Global 2000 ro‘yxatida 458-o‘rinda qayd etilgan Marriott va 1946-o‘rindagi Hyatt ham karantin ularga salbiy ta'sir ko‘rsatganini qayd etdi.

«COVID-19 11 sentabr voqealari va 2009 yildagi moliyaviy inqirozning birgalikdagi ta'siridan ham kuchliroq va kutilmagan zarba berdi», — dedi Marriott bosh direktori Arne Sorenson. Avvalgi inqirozlarning eng og‘ir choragida Marriott daromadi 25 foizga kamaygan bo‘lsa, hozirda 75 foizga qisqardi.

«92 yildan beri mavjud bo‘lgan va Buyuk tushkunlik, Ikkinchi jahon urushi hamda dunyodagi ko‘plab tabiiy ofatlardan omon qolgan kompaniya uchun bu og‘ir», — deb ta'kidladi Sorenson.

O‘z navbatida Hyatt daromad 20 foizga kamaygani va 103 mln dollar zarar ko‘rganini ma'lum qildi. Kompaniya bosh direktori Mark Xoplamazyan tarmoqdagi mehmonxonalarning uchdan biri faoliyatini to‘xtatgani, xodimlarning 65 foizi esa haq to‘lanmaydigan ta'tilga chiqarilganini aytdi.

Yevropadagi eng yirik Accor mehmonxonalar tarmog‘i birinchi chorakda daromad 15 foizga kamaygani, nuqtalarning uchdan ikki qismi yopilganini bildirdi.

Umid hozircha yo‘qolgani yo‘q, chunki ayrim mamlakatlar odatdagi iqtisodiy faoliyatga qaytishga urinmoqda. Bu mehmonxona sanoati uchun nimani anglatadi? Tahlilchilar soha karantin sababli ta'tilni ortga surgan va cheklovlar olib tashlanishi bilan kurortlarga otlanadigan turistlar evaziga tiklana boshlashini taxmin qilmoqda. UBS taxminiga ko‘ra, ular ortidan biznes-sayohatchilar, so‘ngra konferensiya va yirik tadbirlarda qatnashuvchi turistlar guruhi kela boshlaydi.

Mehmonxonalar koronavirus tarqalishi sababli ayrim o‘zgarishlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Tozalikka hushyorlik bilan yondashish ustuvor vazifa bo‘lib qoldi.

Marriott batafsil standart va protseduralarni ishlab chiquvchi «tozalik bo‘yicha global kengash» tashkil etilishini, Hilton esa Lysol tozalash vositalarini ishlab chiqaruvchi Reckitt Benckiser korporatsiyasi bilan hamkorlikdagi Clean Stay dasturini e'lon qildi.

Bundan tashqari, mehmonxonalar shvedcha stol o‘rniga taomni olib borib berishga o‘tishni rejalashtirmoqda. Guruh uchrashuvlarida esa ijtimoiy masofani saqlash choralari ko‘riladi.

Hozirda ko‘plab mehmonxonalar odatiy faoliyatga qaytish qanday bo‘lishini tushunish uchun Xitoy tajribasiga e'tibor qaratmoqda.

«Biz talab tiklanishining ayrim dastlabki belgilarini ko‘rmoqdamiz. Agar bu trend saqlanib qolsa, u dunyoning boshqa qismlaridagi epidemiya kechishi nuqtai nazaridan yaxshi belgi bo‘lishi mumkin», — dedi Marriott rahbari Sorenson.

Mavzuga oid